Quduq suvidan mo‘l hosil yetishtirayotganlar
Yerdan samarali foydalanish, oilalar daromadini oshirish bilan bog‘liq masalalarning ijobiy hal etilishi hisobidan har sotix yerdan 2-3 martadan hosil olinmoqda.
Eng muhimi, agrar tarmoqda mehnat qilayotganlar munosib taqdirlanmoqda. Masalan, 2018 yilda 7,8 million tonna, 2019 yilda 9,3 million tonna, 2020 yilda 10,5 million tonna qishloq xo‘jaligi maxsuloti yetishtirildi. Bu yil esa 11,6 million tonna mahsulot yetishtirish mo‘ljallangan. Bunda turli huquqiy hujjatlar bilan bir qatorda Prezidentimizning 2018 yil 26 iyundagi “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlarini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2018-2020 yillarda “Mehnatkash dehqon”, “Namunali tomorqachi” va “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni mingdan ortiq qishloq aholisiga topshirildi. Ayni kunlarda tumanlarda bu yilgi ko‘krak nishoni nomzodlarini saralash bosqichi davom etmoqda. Joylarda ana shu maqsadda ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazilib, aholining xabardorligi oshirilmoqda.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida ana shunday tadbir bo‘lib o‘tdi. Tumandagi Qoraquduq mahallasida har bir xonadon parrandachilik, kurkachilik va bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ymoqda. Dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun qulayliklar yaratish maqsadida suv bilan ta’minlash yaxshilanmoqda. Mahalladagi 30 xonadon foydalanishi uchun 120 million so‘mlik quduq qazib berildi. Uning 70 foiz xarajatlari davlat tomonidan qopladi.
– Hozirda tomorqaning bir qarich yerini ham bo‘sh qo‘ymaslik uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda, – deydi Suyunbek Sharopov. – Hozirga qadar ichimlik suvidan qiynalayotgan edik. Mana suv kelib, yerlarimiz ham yashnab qoldi. Suvni chelakda tashib, uzum yetishtirganman, “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishoniga talabgorlik qilmoqchiman.
Uchrashuvda ishtirok etganlarning ko‘pchiligi ushbu tanlovda ishtirok etish istagini bildirdi.
S.Shoyeva