“Qozoyaqli-obod”ga ichimlik suvi tortiladi
Bugun mamlakatimizda aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, joylardagi muammolarni bevosita fuqarolar ishtirokida hal etishga qaratilgan samarali mexanizmlar joriy etilgan.
Xususan, “Tashabbusli byudjet” tizimi orqali aholi o‘zlarini qiynayotgan masalalarni ilgari surish va ularni moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda ijtimoiy ahamiyati juda yuqori bo‘lgan loyihalar turli sabablarga ko‘ra yetarlicha ovoz to‘play olmasdan, g‘oliblar qatoridan chetda qolmoqda.
Aynan shunday vaziyatlarda xalq vakillari – deputatlarning faol aralashuvi va mas’uliyati aholi muammolariga amaliy yechim topishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kegeyli tumani “Juzimbog‘” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qozoyaqli-obod” qishlog‘idagi holat buning misolidir.

Ushbu hudud aholisi bir necha yillardan buyon ichimlik suvi tanqisligi muammosi bilan yashab kelayotgan edi. Qishloqda 60 dan ortiq xonadon mavjud bo‘lib, aholi kundalik ehtiyoj uchun suvni uzoq masofadan tashib kelishiga to‘g‘ri kelardi. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida, shuningdek, kuz va bahor fasllarida bu holat jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.
Mazkur muammo “Tashabbusli byudjet” jarayonida ko‘tarilgan bo‘lsa-da, yetarlicha ovoz to‘play olmagani sababli amalga oshmay qolgan. Biroq aholining murojaati va joylardagi holatni chuqur o‘rganish natijasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Rashidova tashabbusi bilan ushbu muammoni hal etish masalasi ilgari surildi.
Natijada, qishloqni ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilishi ta’minlandi. Bu esa nafaqat hudud aholisi uchun qulaylik yaratish, balki ularning turmush sifati va sanitariya sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
– Suvni uzoq joydan tashib kelamiz. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida bu juda og‘ir kechadi. Yillar davomida yechilmay kelayotgan muammo edi, – deydi ushbu hududda yashovchi fuqarolaridan biri Asamatdin Qoylibayev.
Ushbu holat shuni ko‘rsatmoqdaki, hatto, “Tashabbusli byudjet” orqali yechim topmagan masalalar ham deputatlar tashabbusi va mas’uliyati orqali ijobiy hal etilishi mumkin. Xalq manfaatini himoya qilish, joylardagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga amaliy yechim topishda deputatlar faoliyatining ahamiyati beqiyosdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.