Qozog‘istonda kartingchilarimiz sovrindor bo‘ldi
Olmaotada karting bo‘yicha o‘tkazilgan "Qozog‘iston ochiq chempionati 2026"ning 1-bosqichida mamlakatimiz sportchilari sovrinli o‘rinlarni egalladi.
Chempionat dasturidan o‘rin olgan Mini, OK-J va OK-N toifasidagi bahslarda o‘z omadini sinovdan o‘tkazgan terma jamoamiz a’zolari 2 ta oltin va 1 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
FIA Xalqaro sport kodeksi talablari asosida tashkil etilgan musobaqalar saralash va ikki final poygasidan iborat bo‘lib, yakuniy natijalarga ko‘ra, hamyurtlarimizdan Yaroslav Xramchixin Mini dasturda oltin medalga egalik qildi.

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari bahs olib borgan chempionatning OK-N toifasida kartingchilarimizdan Amir Xamroyev oltin, OK-J dasturida Vladislav Kim bronza medali sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz Kamoliddin Najmiddinov, Mikael Tutundjan, Alixon Bahronov 4-7-o‘rinlarni band etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA