Qozog‘iston zilzila bo‘yicha reytingda ko‘tarildi
Qardosh davlat Qozog‘istonda joriy yilning o‘tgan qisqa davrida 123 zilzila qayd etilgan. Eng yuqori magnituda – 7 balli yer qimirlashi Olmaotadan 262 kilometr janubi-sharqda kuzatilgan.
“tengrinews” axborot portali xabariga ko‘ra, hozir mamlakat dunyoning 100 davlati kiritilgan ro‘yxatda 6-o‘rinni egallab turibdi. Mazkur noxush reytingda Qozog‘iston 2023 yilga nisbatan 58 pog‘ona ko‘tarilgan.
Umuman, 2000-2023 yillar oralig‘ida yer yuzi bo‘ylab 5 dan yuqori magnitudali 42 300 zilzila ro‘y bergan. Bu boradagi nisbat yillar kesimida quyidagicha: 2011 – 2 500, 2010 – 2 400, 2007 – 2 300, 2021 – 2 200 va 2009 – 2 100. Eng tinch o‘tgan 2002 yilda yer 1 300 marta silkingan.
2023 yil zaminimiz 1 700 marta chayqalgan, bu bir yil avvalgidan 0,8 foiz kam. O‘tgan yil davomida 2022 yilga nisbatan 1 foiz ko‘p, ya’ni 15 600 bor 4-8 balli zilzila sezilgan.
Fevral oyida Turkiya va Suriyada jami 62 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan 7,5-7,8 magnitudali kuchli yer silkinishi 2023 yilning qurbonlar soni bo‘yicha eng halokatli voqeasi sanaladi. Sentyabrda Marokash davlati boshidan kechirgan 6,8 magnitudali zilzila qariyb uch ming kishini, oktyabr oyida Afg‘onistonda sodir bo‘lgan 6,3 magnitudali qimirlash esa, taxminan, bir yarim ming kishini hayotdan olib ketdi.
G.Sattorova, O‘zA