Qo‘yliq ota mahallasida “Huquq-tartibot maskani” barpo etilmoqda
Mahallalarning obod, toza-ozoda va tinch-osoyishta bo‘lishi aholi xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini mustahkamlashda muhim omillardan. Ayniqsa, qarovsiz hududlarni obodonlashtirish va yoritish tizimlari bilan doimiy ta’minlangani turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklar va mayda bezorilik hamda boshqa salbiy holatlarning oldini olish imkoniyatini kengaytiradi.
Bu borada poytaxt hududlarida olib borilayotgan chora-tadbirlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlarining doimiy diqqat-markazida. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylangan deputat Sevara Fayziyeva Qo‘yliq ota mahallasida aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb masalalarni doimiy ravishda o‘rganib, ularning yechimi yuzasidan amaliy tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.
Xususan, mahalla aholisi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar va o‘rganishlar davomida hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarga huquqiy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish uchun zamonaviy infratuzilmaga ehtiyoj mavjudligi aniqlangan. Mazkur masala deputat tashabbusi asosida tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining tegishli qaroriga muvofiq mablag‘ ajratildi. Shu asosda Qo‘yliq ota mahallasida “Huquq-tartibot maskani”ni barpo etish ishlari boshlandi.
Yaqinda ushbu tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari deputat hamda tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Nasriddinov, mahalla raisi Dilfuza Rahimova hamda mahalla faollari ishtirokida o‘rganildi.

O‘rganish jarayonida, avvalo, “Huquq-tartibot maskani” qurilishining sifati, belgilangan talablar asosida olib borilayotgani va ob’ektda fuqarolar uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, Qo‘yliq ota mahallasida huquq-tartibotni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan bunday infratuzilmaning tashkil etilishi muhim ahamiyatga ega. Yangi maskan fuqarolarning murojaatlari bilan manzilli ishlash, profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish va mahallada jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, o‘rganish davomida mahalladagi xavfsizlik masalasi faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati bilan cheklanmasligi ta’kidlandi. Xususan, ichki ko‘chalarning holati, qarovsiz va tartibsiz bo‘lib yotgan ayrim hududlarni obodonlashtirish, tungi yoritish tizimini yaxshilash hamda nazoratni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, qurilish ishlarining sifatli va belgilangan talablar asosida amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, mahalla hududini obodonlashtirish va yoritish bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi.
M.Komilova,
O‘zA