Qo‘shimcha dars 200 ming so‘m: Farg‘onada sir fosh bo‘ldi
Farg‘onada xalq ta’limi bo‘limi mudirining kadrlar bilan ishlash sho‘’basi mutaxassisi va metodisti yosh o‘qituvchini aldab, firibgarlik yo‘li bilan undan 200 ming so‘m pul undirmoqchi bo‘ldi. Afsuski, ularning kirdikorlari fosh bo‘lib qoldi.
Quvasoy shahar xalq ta’limi bo‘limida tabiiy fanlar metodisti vazifasida ishlovchi M.M. 6-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining fizika fani o‘qituvchisi D.A.ga 22-sonli maktabdagi mavjud qo‘shimcha dars soatlarini olishi mumkinligini aytib, qiziqtirdi. Vaholanki, bu qiziqtirish ostida “bir gap” bor edi.
Metodist shu maqsadda kadrlar bilan ishlash sho‘’basi mutaxassisi D.J.ning xizmat xonasiga yosh o‘qituvchini olib kirdi. Avvaliga D.J. qo‘shimcha dars soatlari olish uchun qanday hujjatlar tayyorlashi lozimligini tushuntirdi va suhbatdan o‘tib kelishi shartligini bildirdi. Shundan keyin yo‘llanma yozib berishi mumkinligini, ammo yo‘llanma osonlikcha yozilmasligini qistirib o‘tdi. Vaholanki D.A.ga qo‘shimcha dars soatlari ajratilishi uchun qoida bo‘yicha yo‘llanma olishi shart emas edi.
Shunday qilib, nafsi xakalak otgan bo‘limning mutaxassis va metodisti yosh o‘qituvchini “nishon”ga olishdi. Maqsadlari undan pul undirish edi.
Va nihoyat o‘qituvchi D.A.ni metodist mutaxassisning xizmat xonasiga olib kirdi. O‘qituvchi esa suhbatdan o‘tib kelganligini aytib, hujjatlarini taqdim qildi va D.J.ning “yo‘llanma osonlikcha berilmasligi” to‘g‘risidagi sha’masiga binoan 200 ming so‘m pul berdi. Bu pullar esa Departament xodimlari tomonidan maxsus kimyoviy ishlov berilgan pullar bo‘lib chiqdi.
Albatta, aldov, firibgarlik yo‘li bilan yosh o‘qituvchidan pul undirishga harakat qilgan bo‘lim mutaxassislari o‘zlarining jinoiy qilmishlari bilan egallab turgan kasbiga, o‘qituvchi degan ulug‘ nomga dog‘ tushirdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy sudi tomonidan ularga qonunda belgilangan tartibda jazo tayinlandi.
M. Sulaymonov, O‘zA