Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli data-markazlar tashkil etiladi
Qoraqalpog‘istonda raqamli iqtisodiyot uchun yirik infratuzilma loyihasi amalga oshiriladi. Prezident topshiriqlariga muvofiq, Nukus tumanida umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan data-markazlarni o‘z ichiga olgan texnopark tashkil etiladi.
Majmua Qoraqalpog‘istonning qayta tiklanuvchi energiya salohiyatidan foydalangan holda elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Data-markazlarni umumiy quvvati 3,3 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari bilan bog‘lash maqsadida 500/220 kV kuchlanishli yangi podstansiya va 220 kV elektr uzatish tarmog‘i quriladi.
Yangi energetika infratuzilmasi data-markazlarning elektrga bo‘lgan ehtiyojini aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining mavjud iste’moliga ta’sir qilmagan holda ta’minlash imkonini beradi. Yirik data-markazlar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa uchun raqamli xizmatlar va yuqori texnologiyali yechimlarni taqdim etishi ko‘zda tutilgan.
Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, yangi energetika infratuzilmasining birinchi bosqichi 2027-yilning ikkinchi yarmida, to‘liq quvvatda ishga tushirilishi esa 2028-yilning ikkinchi yarim yilligida rejalashtirilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA