Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov Taxtako‘pir tumani mutasaddilari bilan hamkorlikda “Qaraoy” ovul fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, mahalla binosida tashkil etilgan mikroloyihalar faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar holidan xabar olinib, ularning mavjud muammolari manzilli o‘rganildi hamda har bir oilaga individual yondashgan holda amaliy yechim belgilab olindi.
Tashrif davomida aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq berildi.
***
Beruniy tumani hokimligi, Biznesni rivojlantirish banki va Kichik biznesga ko‘maklashish markazi hamkorligida mehnat hamda mini texnologiyalar yarmarkasi tashkil etildi.

Tadbirda mini texnikalarni imtiyozli kredit va ssuda orqali olish, foydalanish tartibi mutaxassislar ko‘magida to‘liq tushuntirildi. Ishsiz aholi, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi fuqarolarning masalalari va takliflari ham o‘rganildi.
Yarmarka davomida olis ovul xotin-qizlarini vaucher asosida zamonaviy tikuvchilik hunariga o‘rgatayotgan Dilafruz Tangirbergenovaning 2 oylik kursida o‘qigan xotin-qizlarga sertifikatlar topshirildi. Endilikda hudud ayollari o‘z hunariga ega bo‘lib, ish boshlashlari uchun imkoniyatlar yaratildi.
***
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida xotin-qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada oshirish, zamonaviy kasblar va yangi imkoniyatlar haqidagi tushunchalarini kengaytirishga qaratilgan “Rivojlan” nomli xotin-qizlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab universitetning professor-o‘qituvchilarning ilmiy ishlari, talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnati namunalari, shuningdek, milliy va zamonaviy kiyimlar ko‘rgazmasi ishtirokchilarga taqdim etildi. Forumning keyingi qismi Madaniyat saroyida talaba-yoshlar va tadbir mehmonlari ishtirokida ochiq muloqot bilan davom etdi.
Unda zamonaviy ta’lim, xorijiy tillarni o‘rganish, moliyaviy bilim, investitsiya, shaxsiy rivojlanish, ma’naviy barqarorlik va o‘z ustida ishlashning ahamiyati kabi mavzularda fikr va takliflar bildirildi. "Rivojlan" forumi xotin-qizlarning o‘z salohiyatini namoyon etishi, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallashi, zamonaviy imkoniyatlardan samarali foydalanishi uchun o‘ziga xos muloqot va tajriba almashish maydoniga aylandi.
***
Xalq deputatlari Kegeyli tumani Kengashi deputati, “Orzu” fermer xo‘jaligi rahbari P.Saliyevaning tashabbusi bilan tumanda “O‘zLiDeP bog‘i” tashkil etildi.

Ushbu tashabbus hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasidagi amaliy ishlarning yana bir namunasi bo‘ldi.
Yangi tashkil etilgan bog‘da mevali daraxt ko‘chatlari ekilib, hududning yashil maydonlarini kengaytirish, kelgusida mo‘l hosil olish va yangi imkoniyatlar yaratish maqsad qilingan.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri