Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda
Qonliko‘l tumani “Janaqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Yesbosinov Rashid” fermer xo‘jaligi g‘alla maydonida joriy yil hosili uchun g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini tez va samarali o‘tkazishga bag‘ishlangan amaliy ko‘rgazmali seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mutasaddi tashkilotlar, fermerlar va soha mutaxassislari ishtirokida o‘rim-yig‘im texnikasidan samarali foydalanish, yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish, donni qabul qilish va tashish ishlarini tizimli tashkil etish masalalari belgilandi.
Joriy yilda tumanda 132 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 4 ming 200 gektar maydonda jami 9 ming tonnadan ziyod bug‘doy yetishtirish rejalashtirilgan.

***
O‘zLiDeP Taxiatosh tuman Kengashi tomonidan xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda muvaffaqiyatli tajribalarini ommalashtirish maqsadida tumanning bir qator mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlarida “Mahallaning ishbilarmon ayoli” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov doirasida ishtirokchilar o‘z biznes loyihalari, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari va erishgan natijalarini namoyish etib, tadbirkorlik sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Jumladan, Nurli kelajak mahallasida tikuvchilik sohasida faoliyat yuritib kelayotgan Gulmira Saparova, Keneges mahallasida quroq ko‘rpacha tikish bilan shug‘ullanuvchi Dilbar Tursinova, Shamchiroq mahallasida gilamchilik yo‘nalishida mehnat qilayotgan Munira Jaksibayeva, “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida konditerlik mahsulotlari ishlab chiqarayotgan Zuhra Qalliqulova hamda “Sarayko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida non va non mahsulotlari tayyorlash sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan Nazira Yusupova o‘z mahsulotlari va faoliyat yo‘nalishlarini keng jamoatchilikka taqdim etdilar.

***
Beruniy tumani “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida aholi xonadonlari va tomorqalaridagi mevali bog‘ hamda uzumzorlarda agrotexnik tadbirlar, zararkunandalar va kasalliklarga qarshi kurashish, ularning profilaktik ravishda oldini olish, hosildorligi mavzusida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Beruniy tuman loyiha ofisi bosh mutaxassisi tomonidan tashkil etilgan seminarda mahalla faollari bilan birgalikda “Ifoda” kompaniyasi, “AKIS” tashkiloti va soha mutaxassislari, tajribali bog‘bonlar ishtirok etdi. Ular o‘zlarining ko‘p yillik tajribalari, sohadagi eng oxirgi muhim yangiliklar, kasallik va zararkunandalarga qarshi qo‘llaniladigan kerakli ximiyaviy va organik preparatlar, ug‘itlar haqida ma’lumot berdilar.
Tadbirda aholi xonadonlari va tomorqalaridagi mevali bog‘, uzumzorlarda agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishi, kasalliklar va zararkunandalarga qarshi birgalikda kurash olib borishga kelishib olindi.

***
Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasi yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda mineral o‘g‘itlarni talon-toroj qilinishi fosh etildi.
Jumladan, “E.V.” mas’uliyati cheklangan jamiyatning mas’ul shaxslari “M.Ch.” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnomaga asosan, saqlovga qabul qilingan 4,3 milliard so‘mlik 1 ming 473 tonna ammiakli selitra va 790,6 million so‘mlik 276 tonna ammoniy sulfat mineral o‘g‘itlarni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.