«Qora bozor»ga yo‘l topgan «tadbirkor»...
Xorijiy valyutani noqonuniy almashtirganlik uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida bir necha bor ta’kidlanib kelinayotgan bo‘lsa-da, ayrim fuqarolarimiz amal qilmayotganligi achinarli holat albatta.
Shahboz Botirov (ism-familiya o‘zgartirilgan) bu qonunni bilsa-da, parvo qilib o‘tirmadi. Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanidagi «Sozlab ol» savdo majmuasida joylashgan oziq-ovqat savdo do‘konida 3.000 AQSH dollarini, har bir AQSH dollarini 10.350 so‘mdan baholab, jami 31.050.000 so‘mga Jonibek Adbakarovga sotgan vaqtida, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Navoiy viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi hamda undan 3.000 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi va hujjatlar rasmiylashtirildi.
Sud majlisida sudlanuvchi Shahboz Botirovning «ishi» ko‘rib chiqildi. Aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi va boshqa holatlar hisobga olinib, Sh.Botirovga nisbatan JKning 177-moddasi 2-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 60 baravari, ya’ni 13.380.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Sud 3.000 AQSH dollarini hukm qonuniy kuchga kirganidan so‘ng davlat foydasiga musodara qilishni lozim topdi.
Farrux Qahhorov, Jinoyat ishlari bo‘yicha
Konimex tuman sudi raisi