Qonunchilikdagi yangiliklarga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi
Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, BMTning Taraqqiyot dasturi va AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) bilan hamkorlikda “Qonunchilikdagi yangiliklar va dolzarb masalalari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakillari, viloyat sudi raisi va sudyalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Odil sudlovni amalga oshirish bu sud binosiga kelgan har bir fuqaroning jamiyatda qonun ustuvorligiga bo‘lgan ishonchini yanada ortishiga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilgan islohotlar sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirishga, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga zamin yaratdi.
– Seminar davomida namoyish qilingan taqdimotlarda sud ishlarini yuritish sohasidagi qonunchilik yangiliklari, sud qarorlarini qayta ko‘rish institutlaridagi yangiliklar xususida so‘z yuritildi, – deydi viloyat sudining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi bosh konsultanti Nurbek Rahimov. – Sudyalar klubining onlayn forumi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi. Pandemiya sharoitida tashkil qilingan mazkur tizim sudyalarning o‘zaro muloqoti, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorliklari va faoliyatlarida qo‘llayotgan tajribalarini o‘rtoqlashishlariga imkoniyat yaratdi. Shu bilan birga mazkur onlayn forum jamoatchilikda sud haqida ijtimoiy fikr shakllanishiga ham hissa qo‘shdi.
Seminarda BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta’minlashga doir ma’ruzalarida qayd etilgan tavsiyalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham taqdimotlar o‘tkazildi.
Zarif Komilov, O‘zA