Qonunchilik palatasida davlat mukofotlari o‘z egalariga topshirildi
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi keng nishonlanayotgan ayni kunlarda Prezidentimizning tegishli farmonlariga muvofiq, bir guruh yurtdoshlarimiz qator davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Spiker Nuriddin Ismoilov ishtirokida davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda Nuriddin Ismoilov yurtdoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami bilan muborakbod etib, o‘tgan davrda erishilgan ulkan natijalarni alohida e’tirof etdi.

Shundan so‘ng tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan Qonunchilik palatasi Spikeri tomonidan davlat xizmati, ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari hamda boshqa sohalarda fidokorona mehnat qilib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

Marosimda so‘z olganlar yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar samarasida barcha soha va yo‘nalishlarda qator ijobiy natijalarga erishilayotganini ta’kidladi. Bosib o‘tgan 35 yillik davlatchilik tariximiz davomida O‘zbekistonning dunyo sahnidagi o‘rni va darajasi yuksak pog‘onaga ko‘tarilgani alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, mukofotlangan yurtdoshlarimiz o‘z mehnatlariga berilgan yuksak e’tibordan mamnun ekanliklarini, bu rag‘bat kelgusi faoliyatlarida katta motivatsiya bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston ravnaqi yo‘lida fidoyi mehnat qilishlarini bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA