Qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yilmoqda
Navoiy shahridagi “Covorking” markazida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Navoiy viloyat boshqarmasining joriy yil 1-yarim yillikdagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.
“O‘zagroinspeksiya” tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, Inspeksiya viloyat boshqarmasi tomonidan 307 ta tekshirish o‘tkazilgan va 733 ta ta’sir choralar qo‘llanilgan. Qonunbuzilishlarni bartaraf etish uchun 107 ta taqdimnoma kiritilgan, 3 ming 767 nafar shaxs huquqbuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan hamda 323 ta ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan. Shundan 284 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqish uchun sudlarga hamda 17 ta holatda prokuratura organlariga yuborilgan. Qo‘llanilgan 68 million 992 ming so‘m ma’muriy jarimadan 59 million 215 ming so‘mi ixtiyoriy ravishda undirilgan.
– Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini yetishtirish va ta’minotini nazorat qilish bo‘limi tomonidan 458 ta nazorat tadbiri o‘tkazilgan bo‘lib, 217 ta holatda urug‘lik don, paxta, sabzavot, poliz, kartoshka urug‘lari va ko‘chatlarni yetishtirishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgan, – deydi H.Zaripov. – Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 120 ta yozma ko‘rsatma, 28 ta taqdimnoma, 69 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Shu bilan birga 802 ta mansabdor shaxs qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohlantirilgan.
O‘tgan davr mobaynida inspeksiya xodimlari tomonidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish maqsadida 665 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ko‘rilgan ma’muriy va moliyaviy choralar 84 tani tashkil etadi, 425 nafar suv iste’molchisiga ogohlantirishlar berilgan. 31 ta holatda yozma ko‘rsatma va taqdimnomalar kiritilgan. Qonunbuzilishlar tahlil etilganda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suvdan foydalanishda zovurga suv tashlash, g‘o‘za, takroriy ekin va boshqa maydonlarni ko‘llatib sug‘orish, dalada suvchilarni jalb qilmasdan suvni qarovsiz qoldirish, g‘o‘za maydonlarida sharbat handaqlari tashkil etmaslik kabi holatlar ko‘p uchraydi.
Viloyatga joriy yilda 2000 bosh naslli qoramol import qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida viloyatning Navbahor tumanidagi “Maftuna Oysuluv” fermer xo‘jaligi tomonidan Germaniya davlatidan “Golshtin” zotli, Navoiy shahridagi “Brexit ozuqa yem” MCHJ tomonidan esa Ukraina davlatidan “Sharaley”, “Limuzin”, “Aberdin angus” zotli naslli qoramollar keltirildi.
[gallery-3056]
Shuningdek, naslchilik maqomiga ega xo‘jaliklar tomonidan viloyatda joriy yilda 512 bosh naslli mol tayyorlash rejalashtirilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 280 bosh naslli mol sotilgan.
– “Agroinspeksiya”ning Chorvachilikda naslchilik ishini nazorat qilish bo‘limi va tumanlarda faoliyat yuritayotgan inspektorlar tomonidan 2021 yilning o‘tgan davri mobaynida jami 612 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, 181 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan, – deydi inspeksiya viloyat boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zulfiya Boboyeva. – Natijada 58 ta qonunbuzilish holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan, tegishliligi bo‘yicha 27 ta taqdimnoma kiritilgan, 96 ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berildi. Chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan 515 ta ogohlantiruvlar e’lon qilindi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas’ullardan javoblar oldi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov, (surat), O‘zA