Qonunbuzarlik fosh etildi
Buxoro viloyatida elektr energiyasidan oqilona va qonuniy foydalanishni ta’minlash, sohadagi huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida muntazam nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Ana shunday tekshiruvlardan biri davomida yirik qonunbuzarlik holati aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” ma’lumotiga ko‘ra, viloyat hududida faoliyat yurituvchi “N.N.N.Z.” nomli fermer xo‘jaligi elektr qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan tarmoqqa ulab, hisoblagichdan tashqari holda energiyadan foydalanib kelgan.
Bu kabi noqonuniy ulanishlar nafaqat qonun talablariga zid, balki energiya ta’minoti tizimi barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, bu kabi holatlar tarmoqda ortiqcha yuklama keltirib chiqaradi, avariya holatlarini ko‘paytirishi hamda boshqa iste’molchilarning sifatli elektr ta’minotiga putur yetkazishi mumkin.
O‘tkazilgan hisob-kitoblar natijasida elektr ta’minoti korxonasiga yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 754 million so‘mni tashkil etgani ma’lum bo‘ldi. Bu esa qonunbuzarlikning qanchalik yirik ko‘lamda bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish ishlari boshlangan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.