Qonun har qanday vaziyatda ham hamma uchun barobar
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.
Xalq vakillari “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Qonun loyihasi bo‘yicha mudofaa vaziri o‘rinbosari Z.Bozorboyev ma’ruza qildi.
Mazkur loyiha bilan qonun har qanday vaziyatda barcha uchun barobar hamda bajarilishi majburiyligi prinsipi mustahkamlanmoqda. Loyiha bilan bugungacha qonuniy tartibga solinmagan ayrim holatlar uchun javobgarlik qoidalari belgilanmoqda. Jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat o‘tayotgan fuqarolarning harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda davlatga yetkazgan zarari uchun moddiy javobgarligi belgilanyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi davlatga yetkazgan zarari uchun moddiy javobgarlik, shu jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga olingan fuqarolarning harbiy yig‘inlar o‘tkazilayotgan davrda ular tomonidan davlatga yetkazilgan zarari uchun moddiy javobgarlikni qonun bilan belgilashga imkon beradi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
“Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ikkinchi o‘qishda atroflicha muhokama etildi.
Qonun loyihasi bilan qimmatbaho metallarning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu esa tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay imkoniyat yaratadi. Tadbirkorlik sub’ektlari qimmatbaho metallarni bevosita ishlab chiquvchilarning o‘zidan yoki birjadan sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, loyihaga qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga bo‘lgan egalik huquqini nazarda tutuvchi normalar kiritilmoqda. Natijada tadbirkorlik sub’ekti yoki jismoniy shaxslar endilikda qimmatbaho metallarga egalik qilish, o‘rnatilgan tartibda ularni erkin tasarruf etish imkonini oladi.
Qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA