Qo‘ng‘irotda sayyor qabul tashkil etildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida navbatdagi keng qamrovli sayyor qabul tashkil etildi.
Ushbu tadbirning asosiy maqsadi aholini qiynab kelayotgan muammolarni bevosita joyida o‘rganish, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazish va murojaatlarga tezkor hamda manzilli yechim topishdan iboratdir.
Sayyor qabulda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari, tuman mutasaddi tashkilotlari rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 300 nafardan ortiq fuqaro qatnashib, o‘zlarini qiynab kelayotgan masalalar yuzasidan murojaat qildi. Ayniqsa, bandlik, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy himoya, kommunal xizmatlar, kredit va subsidiyalar, infratuzilmani yaxshilash, huquqiy masalalar hamda mahallalarni rivojlantirish bilan bog‘liq murojaatlar ko‘pchilikni tashkil etdi.
Sayyor qabul doirasida mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, banklar, soliq, sud, adliya organlari, davlat xizmatlari markazi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari aholi bilan bevosita muloqot qilindi. Bu esa fuqarolarning bir nechta idoralarga qatnamasdan, o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan javob olishi va amaliy yordamdan foydalanishiga imkon yaratdi.
E’tiborli jihati, sayyor qabul har bir masala partiya vakillari hamda mas’ul tashkilotlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Ko‘plab murojaatlarga shu yerning o‘zida yechim topildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan masalalar esa partiya nazoratiga olinib, ijrosi yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Tadbir davomida aholini ish bilan ta’minlash va daromad manbaini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mehnat yarmarkasi orqali 30 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi. Yana bir qator ish qidiruvchilarga bo‘sh ish o‘rinlari uchun yo‘llanma berildi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan 6 nafar yoshga payvandlash va boshqa uskunalar topshirildi. Bu ularning mustaqil mehnat faoliyatini boshlashi va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishi uchun muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, imtiyozli kredit asosida fuqarolarga motokultivatorlar, tikuv mashinalari, gaz plitalari, sovutgich, televizor, mini pech kabi zarur jihozlar ajratildi. Bu yordamlar oilalarning iqtisodiy faolligini oshirish va kichik tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi vakillari ham e’tibordan chetda qolmadi. 4 nafar fuqaroga sanatoriylarga yo‘llanma berildi. Nogironligi bo‘lgan ikki nafar shaxsga aravacha hamda raqamli eshitish moslamasi topshirildi. Ijtimoiy reyestrda turgan ehtiyojmand oilalarga suv nasosi va suv filtrlari o‘rnatish uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
Mehnat yarmarkasida ishga joylashtirilgan Marjona Mardanova sayyor qabulning amaliy natijalarini alohida e’tirof etdi.

— Ish qidirib yurganimga ancha vaqt bo‘lgan edi. Bugun murojaatim shu yerning o‘zida ko‘rib chiqildi va ishga qabul qilindim. Eng muhimi, ovoragarchilik bo‘lmadi. Bu kabi qabullar odamlarning hayotidagi muhim masalalarni hal qilishga xizmat qilayotganini o‘zim his qildim, — dedi u.
Tadbirda ishtirok etgan mahalla faollaridan biri Maxset Qosnazarov ham sayyor qabulning ahamiyatiga to‘xtaldi.
— Odamlarning muammosini eshitishning o‘zi yetarli emas, unga yechim topish muhim. Bugun aksariyat murojaatlar joyida hal etildi. Mas’ullarning barchasi bir joyda bo‘lgani fuqarolar uchun ham, tashkilotlar uchun ham samarali bo‘ldi, — dedi.
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilayotgan bunday sayyor qabullar partiyaning xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, aholini qiynab kelayotgan muammolarga manzilli yechim topish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan amaliy faoliyatini yanada mustahkamlamoqda.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi o‘rinbosari R.Nurazizov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri