Qo‘mondon yoshlar bilan uchrashdi
Joriy yilgi davlat dasturi ijrosi hamda yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov va o‘rinbosarlari Samarqand, Jizzax, Navoiy viloyatlarida yoshlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Markaziy harbiy okrug matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirlarda umumta’lim maktablari bitiruvchilari, harbiylashtirilgan maxsus guruh o‘quvchilari hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.

Qo‘mondon va okrug mutasaddilari Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoyalash, muddatli harbiy xizmatga borish va ishga qolish tartibi, oliy harbiy ta’lim muassasalarining imtiyozlari, shuningdek yurt himoyachilari erishayotgan yutuqlar haqida yoshlarga gapirib berdi.
Samarqand viloyati yoshlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O.Saidov yoshlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berib, kelgusida harbiy sohada ishlash niyatida bo‘lgan o‘quvchilarga o‘z maslahat va tavsiyalarini aytdi. Sport musobaqalarida O‘zbekiston chempioni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni hamda muddatli harbiy xizmatni o‘tab qaytgan vaqtincha ishsiz yoshlarni milliy armiyamiz saflariga qabul qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida yoshlarga okrug qo‘mondonligining musiqa va sport anjomlari, badiiy adabiyotlar to‘plami hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Uchrashuvlardan so‘ng yoshlar uchun harbiy vatanparvarlik festivali o‘tkazilib, unda harbiy texnika va zamonaviy qurob-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy orkestr konsert dasturlari va qo‘l jangi elementlari namoyish etildi.
G‘.HASANOV, O‘zA