Qo‘mita a’zolari OAV bilan hamkorlikdan mamnun
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda qo‘mitaning 2022 yilning to‘qqiz oylik faoliyati yuzasidan jurnalistlarga batafsil ma’lumotlar berildi.
— Hisobot davrida qo‘mitamiz tomonidan 5 ta qonun maromiga yetkazilib, Oliy Majlis Senatiga yuborildi, — dedi qo‘mita a’zosi Umidjon Jabborov o‘z ma’ruzasida. — Hozirgi kunda 1 ta qonun loyihasi takomillashtirilmoqda. Qonun loyihalarini pishiq-puxta qilish maqsadida qo‘mita tomonidan 44 marta ishchi guruh muhokamasi, 5 marta ekspertlik guruhlar yig‘ilishi o‘tkazildi. Xususan, «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi, «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi, «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi hamda «Elektron raqamli imzo to‘g‘risida»gi qonun loyihalari yuqori malakali mutaxassislar hamda soha ekspertlari ishtirokida maromiga yetkazildi.
O‘tgan davrda qo‘mita tomonidan qonunlar, Qonunchilik palatasi qarorlari, Davlat dasturlari ijrosi ustidan ta’sirchan parlament nazorati borasida ham qator ishlar olib borildi. Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish hamda ularni hal etishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, hisobot davrida qo‘mita nomiga kelib tushgan 216 ta murojaat belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi va o‘z yechimini topdi, — dedi deputat.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Jumladan, jurnalistlar qo‘mitaning nazorat-tahlil tartibidagi faoliyatiga qiziqib, bu boradagi ishlar biroz sust ekanligi aytildi.
Bunga javoban qayd etildiki, qo‘mita tomonidan parlament va deputatlik so‘rovlari amalga oshirilmoqda. Qo‘mita a’zolari o‘z saylov okruglariga chiqqanida, mahalliy ijro hokimiyati vakillari bilan birgalikda axborot siyosati va elektron hukumat sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni, shuningdek, qonunlar ijrosini batafsil o‘rganmoqda.

Bundan tashqari, qo‘mita tegishli idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari, vazirlik va idoralar axborot xizmatlarining ochiqligini o‘rgandi va ular faoliyati reyting baholandi. Bu boradagi natijalardan kelib chiqib, tashkilotlarga axborot ochiqligini ta’minlash bo‘yicha taklif-tavsiyalar berildi.
Tadbirda O‘zA muxbiri so‘nggi paytlarda axborot va so‘z erkinligi ta’minlanayotgani, ammo ayrim hollarda jurnalist va blogerlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish yoxud ularga tahdid va tajovuz qilish holatlari uchrayotganini ta’kidlab, bu borada qo‘mita tomonidan qanday ishlar olib borilayotgani, qo‘mitaga ushbu yo‘nalishda qanaqa murojaatlar bo‘lgani bilan qiziqdi.
Bunga javoban deputat U.Jabborov so‘nggi yillarda mamlakatimiz axborot siyosatida revolyutsion o‘zgarishlar bo‘layotganini, axborot va so‘z erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ijtimoiy axborotlar tarqatish madaniyatini yuksaltirish, axborot erkinligini suiiste’mol qilmaslik bo‘yicha ichki monitoring ishlari olib borilayotganini bildirdi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 67-moddasi bilan OAV va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani, bu norma bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilayotganini qayd etdi.
— Qo‘mitamizga jurnalist va blogerlarning faoliyatiga noqonuniy aralashish yoxud ularga tahdid qilish holatlari bo‘yicha murojaat bo‘lmagan, — dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari Doniyor G‘aniyev qo‘shimcha qilar ekan. — Agar shunday murojaatlar bo‘ladigan bo‘lsa, albatta, vakolatimiz doirasida ko‘maklashishga tayyormiz. O‘tgan davrda ushbu yo‘nalishda AOKA va Jurnalistlar uyushmasi bilan eshituv o‘tkazildi. Unda jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish borasidagi holatlar yuzasidan qator masalalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, ayni paytda ko‘rib chiqilayotgan yangi tahrirdagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, OAV vakillari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Qolaversa, Konstitutsiyamiz bilan OAV va jurnalistlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashganlik uchun javobgarlik belgilanayotgani kelgusida Jinoyat kodeksiga ham qo‘shimcha kiritishga asos bo‘ladi. Ya’ni bu kabi holatlar konstitutsiyaviy asos bilan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Matbuot anjumanida qo‘mita a’zolari OAV vakillari bilan muntazam hamkorlikda ishlashga tayyor ekanliklarini, qo‘mita faoliyatidagi amaliy ishlarni keng yoritish va targ‘ib qilishda ularning ko‘magiga suyanishlarini bildirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA