Qo‘l jangi ustalari Namanganda bellashdi
Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik parkida sportning qo‘l jangi turi bo‘yicha professionallar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun “Chempionlar ligasi” xalqaro turniri bo‘lib o‘tdi.
[gallery-8034]
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil 20 iyundagi “Qo‘l jangi sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida iste’dodli sportchilarni tayyorlash, yoshlarda harbiy vatanparvarlikni kamol toptirish, Toshkent, Namangan, Qarshi, Samarqand va Buxoro shaharlarida qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro musobaqalar tashkil etish belgilangan. Shuningdek, qo‘l jangi sport turini har bir viloyatning bitta tumanida ustuvor sport turi sifatida belgilash lozimligi ta’kidlangan.
Ayni shu maqsadda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida uyushtirilgan, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Prezident kubogi” nufuzli musobaqasida jahon chempionlari, shuningdek, o‘z qit’asi va davlatida tengsiz deb topilgan sportchilar ishtirok etdi.
Turnirning tantanali ochilishida sportchilar saf tortdi. Taniqli san’atkorlar ijrosida badiiy dastur namoyish etildi. Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov va an’anaviy xalqaro musobaqaning rasmiy mehmoni – Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov sportchilarga omad tiladi.
Turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Qozog‘iston, Rossiya, Ruminiya, Belarus, Ozarbayjon va Germaniya davlatlaridan kelgan qo‘l jangi ustalariga qarshi ringga ko‘tarildi. 48 kilogrammdan 75 kilogrammgacha bo‘lgan oltita vazn toifasida bo‘lib o‘tgan janglarning barchasida yetakchilikni qo‘ldan bermagan hamyurtlarimiz yakunda yirik 6:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Xalqaro turnirning dastlabki jangida (50 kg.) jahon chempionati kumush medali sovrindori namanganlik Ma’suma Mo‘minova va Qozog‘iston Respublikasi vakilasi, xalqaro toifadagi aralash janglar ustasi To‘maris Jusupova ringga ko‘tarildi. Qiziqarli kechgan bahsning ikkinchi raundiga kelib, raqibasini yenggan sportchimiz terma jamoa g‘alabasini boshlab berdi.
“Prezident kubogi”ning ikkinchi bahsida (62 kg.) terma jamoamiz a’zosi, jahon kubogi sovrindori, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, jizzaxlik Husniddin Sattorov Belarus davlatidan kelgan aralash janglar bo‘yicha xalqaro turnirlar g‘olibi va sportchisi Sergey Serpitovskiyga qarshi munosib kurash olib bordi va zafar quchdi.
“Chempionlar ligasi”ning ayollar o‘rtasidagi jangida (48 kg.) Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, xalqaro toifadagi sport ustasi, Jahon chempionati va kubogi g‘olibi, namanganlik Shirinoy Zohidova va Rossiya Federatsiyasi sportchisi, jahon chempionati va xalqaro turnirlar sovrindori Viktoriya Mustayeva o‘zaro kuch sinashdi. Ushbu jang tomoshabinlarning hayajoni va olqishlariga sazovor bo‘ldi. Ekstra raundgacha davom etgan bellashuvda hamyurtimizning qo‘li baland keldi.
67 kg. vazn toifasida qashqadaryolik xalqaro toifadagi sport ustasi, Osiyo va jahon chempioni, qashqadaryolik Olimjon Normurodov ozarbayjonlik raqibi – ikki karra Yevropa chempioni, Islom sport o‘yinlari sovrindori Ruslan Piraliyevga qarshi kechgan jangda unga hech qanday imkon qoldirmadi.
So‘ng navbat markaziy janglarga berildi. 65 kg. vaznda O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, jahon chempionati va kubogi sovrindori, namanganlik Javohir Sobitov germaniyalik sportchi, xalqaro turnirlar ishtirokchisi Graf Filippi Vilxelmni ochkolar hisobida mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi.
Xalqaro musobaqaning eng asosiy jangida (75 kg.) jahon chempioni, jahon kubogi g‘olibi, Osiyo chempioni buxorolik Jahongir Jumayev va xalqaro turnirlar g‘olibi, rossiyalik Abubakir Rajabov bahsga kirishdi. Chempionlar ishtirokidagi shiddatli va murosasiz ruhda o‘tgan jangda raqibini og‘ritish usuli bilan ustun kelgan yurtdoshimiz turnir g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogining g‘oliblari va barcha ishtirokchilari turnir tashkilotchilari tomonidan diplom, qimmatbaho sovrinlar, pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA