Qo‘g‘irchoq teatrlari qanday bo‘lishi kerak?
Bugun bolani lol qoldirish, ishontirish har qachongidan ham mushkul. Zamon o‘zgarmoqda. Fan va texnika taraqqiy etmoqda. Endi bolalarni oddiy qo‘g‘irchoq bilan lol qoldirib bo‘lmaydi. Ularni qo‘g‘irchoq so‘zlayotgan gaplarga ishontirish juda qiyin. Ota-onalarning Qo‘g‘irchoq teatrlariga bolalarini yetaklab kelishi har qachongidan ham susaygandek, nazarimizda.
Dolzarb mavzu
Qo‘g‘irchoq teatrlarining tarixi qadimga borib taqaladi. Uni ilk tomosha o‘yinlari sirasiga kiritadigan bo‘lsak, qadimiyligi bo‘yicha Navro‘z bayrami, milliy sport o‘yinlari bilan teng, deyish mumkin. Ammo asrlar o‘tsa-da, hali-hamon saqlanib kelayotgani yaxshi.
– Qo‘g‘irchoq teatrlari zamon bilan hamnafas emas, – deydi san’atshunos Zohid Obidov. – Malakali, zamonaviy ilmga ega kadrlar kerak. Bugun qo‘g‘irchoq teatrlari zamon bilan hamnafaslashsa, albatta, odamlar farzandlarini teatrlarga olib kelishadi. Qolaversa, kattalar o‘zlari ham qiziqib tomoshalardan zavqlanishadi. Bo‘sh vaqtlarini o‘sha yerda o‘tkazishga harakat qilishadi. Qo‘g‘irchoq teatrlaridan odamlarning ko‘ngli to‘lmayapti. Ularda rang-baranglik yo‘q. Yangi sahna asarlari yozilmayapti. Qo‘g‘irchoq teatri repertuarlarini kuzatsangiz, hamon eski ertaklar. Axir, XV asrda yozilgan ertak XXI asrda yashayotgan, texnika bilan nafas olib, har qadamda hayoti texnika bilan bog‘liq bolaga qiziq emas. Misol tariqasida O‘zbekiston Qo‘g‘irchoq teatrida sahnalashtirilgan spektakllar ro‘yxatiga nazar solsak: «Oq qor parchasi», «Qor malikasi», «Fotimaning sarguzashtlari», «Ziyod botir», «Farhod va Shirin», «Shirmonbuloq», «Shayton tegirmon», «Yalang‘och shoh», «Alouddinning sehrli chirog‘i», «Semurg‘», «O‘jar quyoncha», «Yulduzli bola» «Qarsildoq», «Cho‘p qo‘g‘irchoq» va hakazolar. Bularning aksariyati eskirgan. bugungi zamonga mos kelmaydigan tomoshalar. Afsuski, bular bugungi kun bolalariga qiziq emas.
– Odamlar teatrlardan ko‘ra mobil vositalarni afzal bilishayotgani bor gap, – deydi psixolog Maftuna Baratova. –Chunki ular qo‘g‘irchoqning jonsiz ekanligini, uni kimdir boshqarib, hatto ertakni ham boshqa kishi hikoya qilayotganini biladi. Ertakni taqdim etish uslubini o‘zgartirishi kerak. Ertaklarning mazmunini saqlagan holda unga zamonaviy ruhni singdirmoq lozim. Endi oddiy parda ortidan zerikarli harakatlar ko‘rsatilganida, bundan zavqlanuvchi bolalar yo‘q. Chiroqlar, zamonaviy uskunalar, maxsus ovoz kuchaytirgichlar, musiqa va kuy jo‘rligida qo‘g‘irchoqlarning havoda muallaq turishi, yozib oluvchi zamonaviy kameralar harakatlanishini ta’minlash kerak. Yoki allaqachon robot qo‘g‘irchoqlarga o‘tilishi, boshqaruv pultlari bilan boshqariladigan tomoshalar taqdim etilishi shart bo‘lgan davrdamiz.
Bugun bolalar nimaga qiziqayapti?
Teatrlar aynan ana shu savolni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yishi kerak. Bola yon-atrofida, hayotida bo‘lgan va bo‘layotgan voqealarni, real hodisalarni tomoshada ko‘rishni xohlaydi. Buzilib qolgan televizorni, quvvatlagichi tugab qolgan kompyuterni, har kuni o‘ynayotgan boshqaruvli mashinalar ishtirok etgan tomoshalarni ko‘rgisi keladi. Unga qachonlardir yashagan yoki yashamagan podshohning go‘zal qizlari, o‘nlab xotinlari bilan bo‘lgan suhbati qiziq emas. Sehrli buloq, sehrli ko‘za va boshqa sehrli narsalarga bugungi kun bolalari ishonmaydi.
– Qo‘g‘irchoq teatrlarida kadrlar muammo ekanligi bahona bo‘lolmaydi, – deydi marketolog Ikrom Hasanov. – Bunda, birinchi navbatda, marketingni yo‘lga qo‘yib olmoq zarur. Qachonki, oylik maoshlar kadrlarning ehtiyojini qondira oladigan darajada bo‘lsagina, o‘sha yerda ishda unum va samara bo‘ladi. Bizda Qo‘g‘irchoq teatrlari o‘z marketingini hali- hamon yo‘lga qo‘ya olgani yo‘q. Davlat tomonidan ajratiladigan pullarni taqsimlashdan nariga o‘tolmayapti. Bugun Qo‘g‘irchoq teatrlarida xodimlar tinimsiz ishlashi, yangi , rang-barang asarlarni sahnalashtirishi lozim. Tayyor sahna asarlarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashi (u yerdan ham mo‘may daromad topsa bo‘ladi) lozim. Radio va telekanallarga mahsulotlarni sotish mumkin. Yoki bo‘lmasa, shartnoma asosida telekanallar uchun maxsus tomoshalar yaratsa bo‘ladi. Ana shunda Qo‘g‘irchoq teatrlarida marketing yo‘lga qo‘yiladi. Qo‘shimcha ishlar paydo bo‘ladi, tomoshalar salmog‘i ortadi. Sifatli ish, albatta, o‘z muxlisiga ega bo‘ladi.
Qo‘g‘irchoq teatrlari faoliyatidagi ana shunday unsurlar bartaraf etilmas ekan, ota-onalar majburlab bo‘lsa-da, bolalarini bu yerlarga olib kelolmaydi. Uning uchun hamisha arzon va hech qanday harajat talab qilmaydigan telefondagi mobil o‘yinlar, qiziqarli tomoshalar muhim bo‘lib qolaveradi.
Dilobar Mamatova, O‘zA