Qobiliyat va mahorat sinovi
FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga qarashli “Termiz” umumqo‘shin dala-o‘quv maydonida Surxondaryo viloyatidagi umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari jangovar quroldan o‘q otish mashqlarini bajardi.
Dastlab Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni, general-mayor Farhod Shermatov yoshlar bilan uchrashib, milliy armiya mardlik va shon-sharaf maktabiga aylanayotgani, shuningdek, o‘sib kelayotgan avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi keng ko‘lamli ishlar haqida so‘z yuritdi.
Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida dala–o‘quv maydoniga kelgan 500 dan ortiq o‘quvchilar uchun dastlab jangovar qurollardan foydalanish, texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etish bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. Avtomat o‘qdonini patron bilan o‘qlash, aniq mo‘ljalga olishni o‘rganish, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi mashqlar yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan bajarildi.
[gallery-22615]
So‘ng har bir o‘quvchi 100 metr uzoqlikda turgan nishonga qarata o‘q uzib, o‘z qobiliyat va mahoratini namoyish etdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA