Qoʻshrabotda dehqonchilik qilsa boʻladimi?..
Tumanda ushbu kasallikka chalingan bemorlar qayd etilmagan boʻlsada xavfsizlik kuchaytirildi.
Bugun koronavirus pandemiyasi butun dunyo davlatlari, xalqlari hayotiga salbiy taʼsir koʻrsatgan bir paytda Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani aholisining bu sinovdan ortiqcha yoʻqotish va talafotlarsiz oʻtishi uchun zarur choralar koʻrildi.
Tumanda ushbu kasallikka chalingan bemorlar qayd etilmagan boʻlsada xavfsizlik kuchaytirildi. Aholining karantin qoidalariga qatʼiy amal qilishi taʼminlandi.
Maʼlumotlarga koʻra, karantin boshlanganidan buyon tumandagi mahallalarda 1965 kambagʻal oila roʻyxati shakllantirilib, ularga doimiy tarzda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Lekin bu masalaning yechimi emas. Ushbu oilalarda yashovchi kishilarni ish bilan taʼminlash orqali ularning roʻzgʻorga doimiy daromad kelib turishiga erishish lozim. Shu maqsadda bu xonadonlarda yashovchi mehnatga layoqatli 3400 dan ortiq kishi aniqlanib, ularga munosib ish joylari taklif etildi. Bu fuqarolar asosan, tuman hududida ayni paytda olib borilayotgan qurilish ishlariga jalb qilindi. Investitsiya dasturi asosida bu yil hududda 10 ga yaqin taʼlim va maktabgacha taʼlim tashkilotlari qurilmoqda. Tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga qaratilgan 36,5 million dollarlik yirik loyiha 8 lot boʻyicha amalga oshirilmoqda va bu lotlarning har birida 100 nafardan ortiq kishi mehnat qilyapti.
Bundan tashqari, aholining tomorqadan samarali foydalanishi, dehqon xoʻjaliklari tashkil etishi uchun ularga davlat tomonidan subsidiya berilmoqda. Yil boshidan buyon 168 nafar fuqaro ana shu imkoniyatdan foydalandi, yana 200 dan ortiq kambagʻal oilaga subsidiya berilishi rejalashtirilgan.
– Qoʻshrabot deganda chorvaga ixtisoslashgan, choʻl tuman tushunilgan, – deydi tuman hokimi H.Oqboʻtayev. – 215 ming gektar umumiy yer maydonining 39 ming gektarigina haydaladigan, lalmi yerlar. Bu yerlarda ham faqat gʻalla, noʻxat ekilgan. Odamlar dehqonchilik bilan deyarli shugʻullanmagan. Bunga imkoniyat ham boʻlmagan. Keyingi yillarda esa davlatimiz rahbari tomonidan qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilib, bu orqali xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish barobarida yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini xorijga eksport qilish imkoniyatlari kengaydi. Bunday imkoniyat bugun Qoʻshrabotda ham yaratilmoqda. 2017-yilda davlatimiz rahbari tumanimizga kelib, bu harakatni boshlab bergan, foydalanilmagan yerlarda yongʻoqzor, uzum va bodom bogʻlari tashkil etishga kirishilgan edi. Shunday boʻlgach, endi Qoʻshrabot xalqi osmonga qaragan xalq, qachonki yil seryogʻin kelsa, chorva ham, lalmi dehqonchilik ham yaxshi boʻladi, deb oʻtirib boʻlmaydi. Tumanimizning ertasi yer osti suvlaridan foydalanib, oltinga teng tuprogʻimizdan samarali foydalanishda, degan xulosaga keldik. Sababi yerimiz unumdor, shoʻrlanmagan. Yer ostidan suv chiqarib, dehqonchilik qilish mumkin. Shu maqsadda burgʻulash texnikalari olish uchun kredit soʻrab, rahbariyatga murojaat qildik. Bu ishga tumanimizdagi tomorqa xizmatlari, tadbirkorlarni jalb etdik. Natijada keyingi ikki yilda Rossiyadan 21 ta ana shunday zamonaviy texnika olib kelindi. Ular yordamida 300 metrgacha yer ostidan suv chiqarishga erishdik. Hozirgacha qariyb 5000 ta aretizian qudugʻi qazilib, 8 ming gektar yerni sugʻorish imkoniyati paydo boʻldi. Odamlar imtiyozli kredit evaziga artezian quduq qazdirib, dehqonchilik qilishni boshladi, bogʻlar yaratyapti.
Tokzorlar tashkil qilib, uzum yetishtirish, mayiz tayyorlash qoʻshrabotliklar uchun anʼanaviy bogʻdorchilik hisoblanadi. Bugun bu anʼanani davom ettirish imkoniyatlari kengaydi. Keyingi ikki yilda aholi tomonidan 600 gektar, dehqon xoʻjaliklari tomonidan 1000 gektar, fermer xoʻjaliklari tomonidan esa 4,5 ming gektar tokzor barpo etildi. Faqat bu emas, endi bu sohibkorlar tok qator orasida dehqonchilik qilishni ham oʻrgandi.
– Qoʻshrabotda yaqin yillargacha odamlar tok orasida ekin ekmagan, – deya soʻzida davom etadi tuman hokimi. – Sababi yuqorida aytganimdek, suv masalasi, qolaversa, bu borada tajriba, koʻnikmaning yoʻqligi. Endi esa suv bor, gap shu ishga koʻnikma hosil qilish, tajriba orttirishda. Bu masalada Namangan viloyatining Chust tumani dehqonlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Oʻtgan yil Chustdan 70 oila kelib, tumanimiz fermerlari bilan birga ishladi. Tok qator oralarida sabzavot va poliz ekinlari parvarishladi. Aholimiz birga ishlab koʻrdi – bizda ham kartoshka, piyoz, sabzi yetishtirish, bu ekinlardan moʻl hosil olsa boʻlar ekan. Faqat lalmi emas, plyonka ostida ham qovun-tarvuz parvarishlash mumkinligini amalda isbotlashdi. Bu yil fermerlarimiz, xalqimizning oʻzi bunday faoliyat bilan shugʻullanyapti. Namangandan 150 dan ortiq oila kelib, ishlayapti. Ularga ham imkoniyat yaratib berdik.
Shu paytgacha tumanimizga chetdan kartoshka urugʻi olib kelinmagan. Bunga ehtiyoj boʻlmagan. Bu yil esa bahorda oʻnlab fermerlarimiz, aholi xorijdan keltirilgan, hosildor kartoshka urugʻi xarid qilib, ekdi. Yaqin kunlarda yana 500 tonna urugʻlik kartoshka olib kelib, ekamiz.
Tumandagi “Nihol maysazori” fermer xoʻjaligi qoʻshrabotliklarning yerga munosabati oʻzgargani tufayli tashkil etilgan xoʻjaliklardan biri.
– Oʻtgan yil faoliyat boshlab, 35 gektar maydonda uzumning mayizbop “Soʻgʻdiyona” navini ekdik, – deydi fermer xoʻjalik rahbari Zayniddin Xudoyberdiyev. – Toʻgʻrisi, ish boshlaganimda biroz ikkilanish, ishonchsizlik bor edi. Negaki, bu joylarda bogʻ qilib boʻlarmikan, ekin yetishtirsa boʻladimi, degan xavotir bor edi. Toʻrtta artezian qudugʻi qazdirib, suv chiqarib olgach, harakatimiz jonlandi, qatʼiy maqsad bilan ishladik. Nihollarni toʻliq undirib olgach, bu yil yana shuncha maydonda bodom koʻchati oʻtqazib bogʻ tashkil qildik. Ushbu maydonlar uchun davlat tomonidan subsidiya berildi va tomchilatib sugʻorish tizimini yoʻlga qoʻyganmiz. Tok koʻchatlari va bogʻlarimiz hosilga kirgunga qadar qator oralarida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiryapmiz. Bu ishda bizga tumanimizga kelgan namanganlik dehqonlar yordam beryapti. Shuningdek, bu yil ilk bor bir gektar maydonda kartoshka ekdik, hozircha rivoji yaxshi. Koʻngildagidek hosil olsak, keyingi yillarda ekin maydonini kengaytiramiz. Bundan tashqari, sabzi, piyoz, pomidor va bodring ham ekib, sinab koʻryapmiz. Astoydil mehnat qilsangiz, har qanday ekinni yetishtirsa boʻlar ekan. Hozir shu yerning oʻzida tok qalamchalarini tayyorlayapmiz. Yana 36 gektar yerda uzumzor tashkil qilamiz, 36 gektar yerda mevali bogʻ boʻladi. Nasib etsa, yil yakuniga qadar 142 gektar yerimizda toʻliq tomchilatib sugʻorish asosida uzum va mevali daraxtlar bogʻini yaratamiz.
Chorvachilik boʻyicha ham tumanda yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Xorijdan keltirilgan naslli qoramol va mayda shoxli chorva uchun aholi va fermerlarga bir qator imtiyozlar, yengilliklar berilgani Qoʻshrabotda anʼanaviy bu tarmoqni zamon talablaridan kelib chiqib, takomillashtirishga turtki boʻldi. Birgina oʻtgan yil tumanga Qozogʻistondan 5 ming qoʻy, Rossiyadan 1,5 mingga yaqin echki keltirilib, bugungi kunda aholi va fermer xoʻjaliklari tomonidan koʻpaytirilmoqda. Aholi naslli chorvaning afzalligini koʻrdi va hozirda yana 10 mingga yaqin qoʻy olib kelish uchun qozogʻistonlik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Tumanda qishloq xoʻjaligi bilan cheklanib qolmay, tadbirkorlik, sanoatni rivojlantirish, zamonaviy xizmatlarni yoʻlga qoʻyish borasida ham manzilli dasturlar asosida ish olib borilmoqda. Birgina joriy yil boshidan buyon tadbirkorlik subyektlari 134 taga koʻpaydi. Pandemiya sababli faoliyatini toʻxtatgan 318 ta yakka tartibdagi tadbirkorning 248 tasi faoliyati tiklandi. Boshqalariga ham zarur yordam koʻrsatilmoqda. Jumladan, 14 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatini tiklash uchun tuman tijorat banklari tomonidan
229 million soʻmlik kreditlar ajratildi. 129 korxonaning 2,8 milliard soʻmlik kredit mablagʻlari uchun tijorat banklari tomonidan 6 oylik kanikul muddat berildi.