Qoʻshiqlari dilga koʻchgan xonanda
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida qozogʻistonlik taniqli xonanda Roza Rimbayeva ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili
Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida qozogʻistonlik taniqli xonanda Roza Rimbayeva ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Mamlakatimizda boʻlib oʻtayotgan Qozogʻiston kunlari rang-barang madaniy-maʼrifiy, sayyohlikka doir tadbirlar, konsertlar, koʻrgazmalar, ijodkorlarning uchrashuvlari, taqdimotlarga boy boʻlmoqda. Ayni paytda bu yoʻnalishdagi maʼrifiy loyihalar ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstlik, ahillik, birodarlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Roza Rimbayevaning qoʻshiqlari dilga gʻoyat yaqin. Buning sababi xonanda chin koʻngildan, samimiy, sof tuygʻular, odamiylik, toza muhabbat, mehr va sadoqat haqida astoydil kuylashida boʻlsa, ajab emas.
Maʼlumotlarga koʻra, u ilk bor fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 30 yilligiga bagʻishlangan tantanada qatnashib, ham musiqa olamining dargʻalari, ham muxlislar eʼtiboriga tushgan. Oʻshanda uning isteʼdodini sezgan “Gulder” yoshlar-estrada ansambli dirijyori Taskin Okapov xonandani mazkur ansamblga taklif etgandi.
Xonandaga chin mashhurlik 1977-yili Bolgariyada boʻlib oʻtgan “Oltin Orfey” festivalida “Aliya” nomli qoʻshiqni ijro etgandan soʻng kelgandi. 1977-1979-yillarda R.Rimbayeva “Yil qoʻshigʻi” musiqiy loyihalarida katta muvaffaqiyat bilan ishtirok etdi. 1978-yilda esa yuksak ijrosi bois “Ovozli yoʻlakcha” xit-paradida Alla Pugachyova, Sofiya Rotaru singari xonandalardan keyin uchinchi oʻrinni egallashga muvaffaq boʻldi.
Roza Rimbayeva 1979-yildan to hozirgi vaqtga qadar “Qozoqkonsert” respublika konsert birlashmasida ijod qilishi bilan birga, T.Jurgenov nomidagi Qozogʻiston sanʼat akademiyasida oʻqituvchi boʻlib ishlamoqda.
2012-yilda xonanda Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Belarusda katta konsert safari – turneda ishtirok etgan. 2017-yili esa tavalludining 60 yilligiga bagʻishlab Nur-Sulton shahrida katta konserti boʻlib oʻtdi.
...Zalvorli, betakror ovoz sohibasi kuylamoqda. Muxlislar oʻzlari uchun qadrdon boʻlib qolgan jonajon yurt, insoniylik, odamgarchilik, muhabbat, halollik haqidagi qoʻshiqlarni berilib tinglaydi. Jonli ijrodagi, samimiyatga yoʻgʻrilgan konsert dasturi oʻzbekistonlik muxlislarga gʻoyat manzur boʻldi.