Qizlarni o‘zgartirgan bir hafta
Samarqand shahridagi zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rgatishga ixtisoslashgan “School 21” nodavlat ta’lim muassasasida qizlarning liderlik ko‘nikmalari va sun’iy intellekt savodxonligi, startap va loyihaviy fikrlashini rivojlantirish hamda ijtimoiy ta’sirga ega yechimlar yaratishga qaratilgan “Women Empowerment Week 2026: AI for Social Impact” dasturi amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida “AI Lab”, “TBC”, “MohirDev” va “Women in Tech Uzbekistan” tizimlari hamda loyihalari hamkorligida amalga oshirilgan dastur mamlakatimizning barcha hududlaridan 60 nafar qizni birlashtirdi. Ular bir hafta davomida ijtimoiy muammolarni aniqlash va tahlil qilishdan tortib, yechimlarni ishlab chiqish va ekspertlar hamjamiyatiga taqdim etishgacha bo‘lgan amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Dastur bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishni, jumladan, sun’iy intellekt savodxonligi, liderlik va barqarorlik, jamoaviy ish, shuningdek, startap loyihalarga yo‘naltirilgan fikrlashni rivojlantirishni qamrab oldi. Qizlarning o‘ziga ishonchi, omma oldida chiqish qilishi, mas’uliyatni zimmasiga olishi va o‘z g‘oyalari sari ilk qadam tashlashiga to‘sqinlik qiladigan ichki to‘siqlarni yengib o‘tishiga alohida e’tibor qaratildi.
– Bir yil avval men “Women Empowerment Week” dasturida qatnashgan edim va texnologiyalar olamiga tajribasiz kirish mumkinmi, degan savolga javob izlayotgandim, – deydi Ziyoda Narziqulova. – O‘tgan yil ichida men “School 21”da ITni o‘rganishni boshladim, o‘z startaplarimni rivojlantirish bilan shug‘ullandim va yoningda senga ishonadigan muhit paydo bo‘lsa, hayot qanchalik o‘zgarishi mumkinligini ko‘rdim. Natijada bu yil ushbu dasturda mentor sifatida qatnashdim. O‘zbekistondagi boshqa qizlar uchun ham bu dastur ular tanlagan yo‘lning bir qismi bo‘lishini istayman.

Dastur davomida ishtirokchilar ayollar salomatligi, o‘smir qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ota-onalik, psixologik farovonlik, ayollar tadbirkorligi, huquqiy soha va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega mavzularga bag‘ishlangan 10 ta loyiha ishlab chiqdi. Yakunda esa uchta loyiha alohida e’tirof etildi va Launch Lab 21 grant treki doirasida rivojlanishni davom ettirish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.
Birinchi o‘rinni egallagan “Ayol” loyihasi xotin-qizlarning mental va jismoniy salomatligini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ular yordam olishi, tajriba almashishi va muhim ma’lumotlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan hamjamiyatni shakllantirishga qaratilgan. Ikkinchi o‘ringa munosib ko‘rilgan “Teenager Girls Help” loyihasi esa o‘smir qizlarni murakkab davrda qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Uchinchi o‘rinni egallagan “MamaLyu” (PapaLyu) loyihasi ota-onalarni farzand tarbiyasi masalalarida qo‘llab-quvvatlash, ular uchun barqaror, xabardor va qo‘llab-quvvatlovchi muhit yaratishni o‘z ichiga oladi.

– Bu hafta davomida men o‘zim kutmagan ishlarni qildim, – deydi Shahzoda Hakimova. – Yaqin vaqtgacha kod yozish va mahsulot ishlab chiqishda ishtirok etishni tasavvur ham qila olmasdim. Endi esa bu imkonsiz emasligini yaxshi bilaman va bu mening shaxsiy tajribamga aylandi. Shu kunlarda menda o‘zgargan eng muhim narsa kelajagimga boshqacha qaray boshlaganimdir.
Dasturning alohida qismi sifatida Women Empowerment Alumni Network – dastur bitiruvchilari hamjamiyati tashkil etildi. Bu uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash, mentorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, xalqaro hamkorlik va loyihalarning keyingi o‘sishi uchun xizmat qiladi, deyishdi tashkilotchilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari