Qiziltepa tumanida paxtachilik yangi bosqichga chiqmoqda
Bugun mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot tannarxini pasaytirish hamda fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy samaradorligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, paxtachilikda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, qo‘l mehnati ulushini kamaytirish va yig‘im-terim jarayonlarini mexanizatsiyalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu borada Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Normat Tursunov tumandagi “Farmon bobo ne’mati” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘lib, g‘o‘za parvarishi va yig‘im-terimga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
– Joriy yilda 14,3 gektar maydonda g‘alla parvarishlab mo‘l hosil oldik. Ayni paytda esa 16,6 gektar maydonda paxta yetishtirmoqdamiz, – deydi fermer Farhod Esanov. – Paxtachilikda mexanizatsiyani keng joriy etish bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunki zamonaviy qishloq xo‘jaligi yuqori hosildorlik bilan bir qatorda, ishlab chiqarish jarayonlarining tezkor, tejamkor va texnologik tashkil etilishini ham talab etmoqda. Paxtani kombaynlar yordamida terib olish esa mavsumiy ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va terim muddatlarini qisqartirish imkonini beradi.

Tumanda yetishtirilgan paxta hosilini texnika yordamida yig‘ishtirib olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda 5965 gektar maydonga Xitoyning “Xin Lu Zao-87” navli chigiti qadaldi. E’tiborlisi, ushbu maydonlar kombaynda terishga moslashtirilgan texnologiya asosida, 76x10 o‘lchamdagi qo‘sh qator usulida parvarishlanmoqda.
Yig‘im-terim jarayonlarini tez va soz o‘tkazish, qo‘l mehnatini yengillashtirish hamda paxta hosilini yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmasdan, sifatli yig‘ib olish maqsadida 30 ta paxta terish kombayni shay holatga keltirilgan.

Viloyat rahbari fermer, kombaynchi va soha mas’ullariga mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish va texnikalardan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri