Qishloqda zamonaviy savdo markazi
Buxoro viloyatining Buxoro tumanida zamonaviy savdo markazi ish boshladi.
Buxoro viloyatining Buxoro tumanida zamonaviy savdo markazi ish boshladi.“Shexoncha” qishloq fuqarolar yig‘ini hududida “Davr-Progress” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan o‘z mablag‘i va “Hamkorbank”ning 410 million so‘mlik krediti evaziga barpo etilgan “Shexon-market” savdo markazidan oziq-ovqat, meva-sabzavot, sanoat mollari, bolalar kiyim-kechaklari, o‘yinchoq kabi turli mahsulotlarni xarid qilish mumkin. To‘lov mijozga qulay shaklda, jumladan, plastik kartochka orqali amalga oshirilmoqda.
– Qishlog‘imizda ikki yil davomida namunaviy loyihalar asosida 120 zamonaviy uy-joy qurildi, – deydi Qodir Elmurodov. – Mana, zamonaviy supermarket ham ish boshladi. Endi savdo qilish uchun ovora bo‘lib, viloyat markaziga borishga hojat yo‘q. El-yurt manfaati yo‘lidagi bunday ezgu ishlar tashabbuskori bo‘lgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
“Davr-Progress” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ozodjon Toshevning ta’kidlashicha, tez kunlarda majmua qoshida dorixona, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasi, umumiy ovqatlanish shoxobchasi ham ish boshlaydi. Bu qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Buxoro viloyatida joriy yilda aholiga xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 591 loyiha amalga oshirilib, 4 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.