Qishga tayyorgarlik – samara garovi
Mamlakatimiz hududlari bo‘ylab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida barcha tashkilot va korxonalar, ijtimoiy ob’ektlarda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ham 2022-2023 yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Asosiy muhandislik kommunikatsiyalari, texnologik asbob-uskunalarni barqaror ishlashga tayyorlash, qayta ishlash qurilmalarida amalga oshiriladigan rejali ta’mirlash ishlarini sifatli va o‘z vaqtida bajarish maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilangan.

Belgilangan rejaga ko‘ra, bugungi kunga qadar 6 ta qozonda joriy, 1 ta qozonda mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi. 150 ta sig‘im ta’mirlandi. 9 tasida tozalash ishlari bajarildi. 110 metr elektr tarmoqlari, 7 ta transformator podstansiyasi, 1 ta dizel elektr stansiyasi, 200 metr kabel estakadalar ta’mirlandi. 3030 metr issiqlik tarmoqlari ta’mirlanib, 340 metri izolyatsiya qilindi. 7 ta gaz taqsimlash punktlari (GTP) nazoratdan o‘tkazildi. 2000 metr suv tarmoqlari ta’mirlandi. 4 ta uzluksiz elektr ta’minoti (UPS), 33 ta zaxirani avtomatik ulash qurilmalarini (AVR) ishchi holati tekshirildi.

Zavod bo‘yicha 10-sonli gaz kondensati va neftni atmosfera bosimi ostida qayta ishlash qurilmasi va 12-sonli kerosinni demerkaptanlash qurilmasi ta’mirlandi. Qurilmada ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun barcha moddiy-texnik resurslar va ehtiyot qismlar tayyor holatga keltirildi. Qurilmani sifatli ta’mirlash natijasida kuz-qish mavsumida to‘xtovsiz, barqaror, ishonchli ishlashini va belgilangan reja ko‘rsatgichlari bajarilishini ta’minlashga erishiladi.

Ayni paytda Buxoro neftni qayta ishlash zavodining tegishli bo‘lim va departamentlari mutaxassislaridan iborat guruh tomonidan qurilmalarda barqaror ishlab chiqarishni tashkil etish va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari bajarilishini ta’minlash uchun rejali ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda zavod tomonidan suyuq uglevodorodlarni kunlik qayta ishlash o‘rtacha 6 ming tonnani tashkil etmoqda. Shundan o‘rtacha kunlik ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari avtobenzin 2,7 ming tonna, dizel yonilg‘isi 2 ming tonna, aviakerosin 0,5 ming tonna, mazut 0,3 ming tonnani tashkil etadi.

Bundan tashqari, kuz-qish mavsumida respublika iste’molchilarini neft mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida zavod tomonidan yetarli miqdorda zaxira yaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA