Qish dasturxoni ham to‘kin bo‘ladi
2014-2015-yillar qish va bahor mavsumida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlab borish uchun 29 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot, poliz, guruch hamda dukkakli mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz rahnamoligida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash korxonalarini xomashyo bilan ta’minlash, ichki bozorning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish va eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-noyabrda qabul qilingan “2014-yilda meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz va uzum ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish prognoz parametrlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida yil boshidan barcha toifadagi xo‘jaliklarda asosiy, oraliq va takroriy ekiladigan ekin turlari hamda maydonlari aniqlanib, o‘z muddatida ekishga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, aholi dasturxoniga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish maqsadida joriy yilda 40 ming gektardan ortiq maydonda sabzavot va poliz ekinlari parvarishlandi.
2011-2014-yillarda jami 8 ming tonnaga yaqin sig‘imga ega zamonaviy sovutgichlar qurilgani yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kuz-qish davrida sifatli saqlash, shu orqali xalqimiz dasturxoniga qishda ham oziq-ovqat mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib berish imkonini yaratdi.
2014-2015-yillar qish va bahor mavsumida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlab borish uchun 29 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot, poliz, guruch hamda dukkakli mahsulotlarni zaxiraga jamg‘arish rejalashtirilgan.
– Ayni paytda yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish ishlari avjida, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassisi A.Kamolov. – Hozirga qadar barcha toifadagi xo‘jaliklardan 600 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot va poliz mahsulotlari yig‘ishtirib olinib, mahalliy bozorlarda sotildi. Qish va bahor oylari uchun zaxiraga g‘amlash ishlari ham jadal olib borilmoqda.
Bu yil Qoraqalpog‘iston Respublikasida 348 gektar maydonda mahalliy va intensiv bog‘lar tashkil etildi. Yaroqsiz holga kelib qolgan bog‘larda rekonstruksiya ishlari bajarildi.