Qirg‘izistonlik mehmonlar So‘xda
Farg‘ona viloyati So‘x tumanida Qirg‘iziston Respublikasi Botken tumanining madaniyat kunlari doirasida “San’at – do‘stlik ko‘prigidir!” shiori ostida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Do‘stlik kechasida qo‘shni davlatning vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etdi. Mehmonlar tumandagi madaniyat saroyida Qirg‘iziston Respublikasi vakillari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmani tomosha qildi. Tadbir ishtirokchilariga qirg‘iz millatiga mansub musiqa asboblari, uy-ro‘zg‘or buyumlari haqida ma’lumotlar berildi.

Madaniyat kunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda so‘z olgan Qirg‘iziston Respublikasi Botken tumani hokimi Uchkunbek Jorobayev va So‘x tumani hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev ikki qardosh xalq do‘stligi va o‘zaro qo‘shnichilik munosabatlari ming yillardan beri davom etib kelayotgani, ikki qo‘shni millatning bozori ham, mozori ham bir ekanini ta’kidladi. Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, adabiyot va san’at, madaniy, transport va boshqa sohalaridagi hamkorligi yanada mustahkamlanib borayotganligi qayd etildi.

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar yanada mustahkamlandi, hududlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ayniqsa, Farg‘ona va Botkent viloyatlari barcha sohalarda aloqalarni yo‘lga qo‘yib, yangi marralar sari harakat qilmoqda. Chegaralarning ochilgani esa katta imkoniyat bo‘ldi.

Ikki qardosh tuman rahbarlari tomonidan 2022 yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan o‘zaro hamkorlik, do‘stlik, qo‘ni-qo‘shnichilikni mustahkamlashga qaratilgan hujjat – hamkorlik memorandumi imzolandi. Tuman rahbarlari kelajakdagi mustahkam hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib oldi.

Tadbir davomida Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining chegara masalalari bo‘yicha Botken viloyatidagi vakili Mamarchan Rahimov, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidentining Botken viloyatidagi vakilining birinchi o‘rinbosari Marufxan Tulayev o‘zbek-qirg‘iz xalqlarining do‘stlik aloqalari mustahkamlanayotgani xususida so‘z yuritdi.

Qirg‘izistondan kelgan san’at ustalari ijrosidagi do‘stlikni tarannum etuvchi ko‘y-qo‘shiqlar yangradi. “Qarindas” qo‘shig‘idan boshlangan do‘stlik kechasi “Lazgi” va “Nahori nashta”ning qirg‘izcha talqini bilan davom etdi. Yaqin kunlarda Qirg‘iziston Respublikasi Botken tumanida So‘x tumanining madaniyat kunlari bo‘lib o‘tadi.

M.Sulaymonov, O‘zA