Qirg‘iz Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” yuksak ruh, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi
26–29-iyul kunlari Qirg‘iz Respublikasining Issiqko‘l viloyatida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Mazkur nufuzli madaniy loyiha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik do‘stligi va mushtarak madaniy merosini keng targ‘ib etish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Tadbirlar doirasida Cho‘lponotadagi “Rux Ordo” madaniy majmuasi hamda “Dordoi Nomad” majmuasida gala-konsertlar tashkil etildi. O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari, O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, “Tumor” va “Navbahor” raqs ansambllari ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar va chiqishlar qirg‘iz tomoshabinlari tomonidan iliq kutib olinib, uzoq davom etgan olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Madaniyat kunlari davomida o‘zbek milliy san’ati, mumtoz va zamonaviy ijod namunalari, musiqa va raqs san’atining betakror an’analari keng namoyish etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning dilbar qo‘shiqlari, Issiqko‘l tabiati ilhom bag‘ishlagani haqidagi e’tirofi hamda qardosh xalq ishonchi va e’tirofiga munosib xizmat qilish haqidagi so‘zlari tadbirning eng ta’sirli lahzalaridan biri bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. O‘zaro madaniyat kunlari, festival va forumlar, ijodiy almashinuv dasturlari ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“O‘zbekiston madaniyati kunlari” yana bir bor san’at va madaniyat xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, qalblarni bog‘lovchi eng kuchli ko‘prik ekanini amalda namoyon etdi.
N.Usmonova,
O‘zA