Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi
Yangi yil yaqinlashgani sayin pirotexnika vositalarini mamlakatimizga noqonuniy va yashirin ravishda olib o‘tib moddiy boylik orttirish maqsadida bo‘lgan kimsalar ham ming afsuski kamaymayapti.
Bunday kimsalar taqiqlangan bo‘lsada, pirotexnika vositalarining savdosini avj oldirishga bo‘lgan urinishlari sabab ommaviy axborot vositalarida ushbu mavzuga tez-tez guvoh bo‘lib turibmiz.
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda pirotexnika mahsulotlarini noqonuniy aylanuviga qarshi kurashish borasida tezkor tadbir o‘tkazdi.
Sirdaryo tumani hududida o‘tkazilgan tadbir davomida, fuqaro Ismidiyor Fattayev (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli yengil avtotransport vositasi oldindan kuzatuvga olindi. Toshkent – Samarqand yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan ushbu avtomashina to‘xtatilib, tadbir ishtirokchilari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgach shubhalar asosli bo‘lib chiqdi.
Avtomashinaning saloni hamda yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan jami 62 ming 820 dona, taxminiy qiymati 53 million 380 ming so‘mlik, 5 turdagi pirotexnika mahsulotlari borligi oydinlashdi va mamlakatimizga noqonuniy yo‘llar bilan olib kirilgan bu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Dastlabki tekshiruv va surishtiruv jarayonida haydovchi ushbu pirotexnika mahsulotlarini “pochta” jo‘natmasi sifatida Toshkent shahridan yuklab, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro Dalliboy Dovurovga olib borayotganligini bayon etgan.
Shundan so‘ng, tadbir davom ettirilib, fuqaro Dalliboy Dovurovning shaxsiga aniqlik kiritildi va Samarqand shahrida uni to‘xtatish choralari ta’minlandi.
Inson, ayniqsa bolalar salomatligi va hatto hayoti uchun xavfli bo‘lgan shu kabi pirotexnika vositalaridan jabr chekib, shifoxonalarda yotib davolanayotgan, hatto nogiron bo‘lib qolayotganlar borligidan nahotki ular bexabar bo‘lishsa?
Dono xalqimiz, o‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deb bejizga aytmagan. Bunday nopok yo‘l bilan noqonuniy ya’ni harom boylik orttirish payida bo‘layotgan kimsalarga qo‘llanilayotgan jazo choralarini kuchaytirish shart. O‘shanda ular qanday xatarli ishga qo‘l urganlarini his qila oladi.
Aks holda, Dalliboy va unga o‘xshagan kimsalar inson va ayniqsa bolalar salomatligi uchun xavf solayotgan o‘zlarining qing‘ir ishlarini yana davom ettiraveradi. Lekin bir kuni o‘z farzandi shu zormanda sabab jarohat olib, boshi toshga “taq” etib tegmaguncha qo‘ymaydi.
Hozirda holat yuzasidan mutasaddi idora xodimlari surishtiruv ishlarini olib bormoqda.
A.QAYUMOV, O‘zA