Qidiruvdagi shaxslar qo‘lga tushdi
Joriy yilning 12 iyun kuni YPX inspektori A.O‘tamishov Yangiyo‘l shahrida xizmat olib borayotgan vaqtida “Neksiya 3” rusumli transport vositasini piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan piyodaga yo‘l bermagani uchun to‘xtatgan.
Unga chora ko‘rish maqsadida haydovchi to‘g‘risida ma’lumotlarni planshetga kiritganda 1997 yilda tug‘ilgan Surxondaryo viloyatida yashovchi J.J ekani, O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining tegishli moddasi (ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan ayblanib, jinoiy ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudi tomonidan qidiruv e’lon qilingani aniqlandi.
Shuningdek, 13 iyun kuni YPX inspektori L.Qurbonov O‘rta Chirchiq tumanida xizmat olib borayotgan vaqtida tekshirish maqsadida “Damas” rusumli transport vositasini to‘xtatgan. Tekshirish davomida haydovchiga tegishli ma’lumotlar planshetga kirgizilganda 1984 yilda tug‘ilgan Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro T.Sh ekani, jinoyat kodeksining tegishli moddasi (firibgarlik) bilan ayblanib, Jizzax viloyati IIB tomonidan qidirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng mazkur qidiruvdagi shaxslar hududlardagi IIBga topshirildi. Bu kabi nazorat tadbirlari joylarda davom etmoqda.
A.Musayev,O‘zA.