Qatar-2022: Ertaklar haqiqatga aylanmoqda
Marokash terma jamoasi Qatarda davom etayotgan jahon chempionatining chorak final uchrashuvida Portugaliya jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Dohadagi “Al Tumam” stadionida o‘tgan uchrashuvning birinchi bo‘limi 42-daqiqasida afirkaliklar futbolchisi Yusuf an-Nasiriy tomonidan kiritilgan gol so‘nggi daqiqalargacha yagonaligicha saqlanib qoldi.
Aytish lozim, marokashliklar mazkur chempionat, uning yetakchilari, g‘oliblari to‘g‘risidagi taxminlaru bashoratlarni chippakka chiqargan holda ertaklarni haqiqatga aylantirgan jamoaga aylandi.
Avvaliga o‘z guruhida Belgiyani 2:0, Kanadani 2:1 hisobida dog‘da qoldirgan, xorvatlar bilan durang qayd etgan, 1/8 final bosqichida ispanlarni tomoshabinlar safiga kuzatib qo‘ygan marokashliklar yarim final ostonasida portugallarni ham boshini ega oldi.
E’tiborli jihati, aynan Portugaliya 2018 yili Rossiya Federatsiyasida o‘tgan jahon chempionatida Marokashni guruh bosqichida 1:0 hisobida mag‘lub etib, chempionatning keyingi pog‘onasiga chiqishdan mahrum etgandi.
Oradan to‘rt yil o‘tib, Qatar-2022ning 1/4 finalida endi marokashliklar portugallarni final sari “katta yurish”dan to‘xtatib qolishga erishdi.
Endi Afrika futbol jamoalari tarixida birinchi marta jahon chempionatining yarim finaliga chiqqan Marokash yarim finalda Fransiya-Angliya bahsida g‘olib chiqqan jamoa bilan chempionlik dovonida ro‘baro‘ keladi.
Marokashliklar ishtirokidagi yarim final uchrashuvi 14 dekabr kuni Qatardagi "Al bayt" stadionida bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA.