Qashqadaryoning eng namunali mahalla raislari
Mahalla raisi aholining eng yaqin hamkoridir. Mahalladagi birorta xonadondagi notinchlik ham raisning aralashuvi bilan ijobiy tomonga hal etiladi. Chetdan birorta mehmon kelsa ham dastlab raisni so‘raydi. Qo‘shni qo‘shnisi bilan tortishib qolsa ham o‘rtaga rais tushadi. Xullas, elning kayvonisi bo‘ladi mahalla raisi. Yosh-u qari birdek hurmat qilib, yoshiga qaramay “rais buva” deb murojaat qilishadi uni.
Qashqadaryo viloyat musiqali drama teatrida kuni kecha mana shunday elning hurmat va e’tiborini qozongan “Eng namunali mahalla raisi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 16 nafar mahalla raisi uchta shart: amalga oshirilgan ishlar taqdimoti, sohaga oid qonun hujjatlari bo‘yicha savol-javoblar hamda muammoli vaziyatlarga yechim topish bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Bundan tashqari, har bir ishtirokchi o‘z mahallasida jinoyatchilik va ajrimlarning oldini olish, notinch oilalar bilan ishlash, komissiyalar faoliyatiga oid ma’lumot berdi.
Hakamlar hay’ati a’zolaridan tashqari, tanlovda ishtirok etgan har bir mahalla raisi ham tanlov g‘olibligiga munosib deb bilgan nomzodiga ovoz berdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Koson tumanidagi “Regzor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamza O‘rinov 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, tanlovning respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Kitob tumanidagi “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Rasulovga, uchinchi o‘rin esa Shahrisabz tumanidagi “Qutchi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Gulchehra Imomovaga nasib etdi.
G‘olib va sovrindorlar hamda faol ishtirokchilar diplomlar, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘oliblarni taqdirlash marosimida viloyat hokimi M.Azimov ishtirok etdi.
[gallery-16327]
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari