Qashqadaryolik mas’ullar qayerga qarayapti?
Luqma
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholining manfaatlarini o‘ylab, qanchadan-qancha ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Xalqni qiynab kelayotgan ko‘plab murojaatlarga yechim topilmoqda. Davlat idora va tashkilotlari nafaqat kabenetda, balki joylarga chiqqan holda sayyor qabullar o‘tkazib, muammolarga yechim izlamoqda. Lekin hamma tashkilot rahbarlarini ham bunday deb bo‘lmaydi.
Masalan, Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan “Alisher Navoiy” mahallasi “Xalqlar do‘stligi” ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yuqori kuchlanishli elektr liniyalariga ko‘cha bo‘ylab ekilgan daraxt shoxlari tegib qolgan. Balki orasidan o‘sib yuqoriga chiqib ketgan. Mana ikki yildirki, ushbu ko‘chada joylashgan xonadonlar egalari yuragini hovuchlab yashamoqda.
Xonadonlar vakillarining aytishiga qaraganda, roppa-rosa ikki yildan buyon viloyat va shahar elektr tarmoqlari korxonalariga o‘nlab, balki undan ham ko‘pdir, murojaat qilishadi. Ya’ni o‘sha daraxt shoxlarini kesib, xavfsiz holatga keltirib berish masalasida. Boisi elektr tarmoqlari korxonasi vakillaridan boshqa hech kim bu ishni amalga oshira olmas ekan. Chunki yuqori kuchlanishli simlar orasidan o‘tib ketgan shox-shabbalarni kesishda o‘ziga yarasha xavfsizlik qoidalariga amal qilish lozim. Aholi vakillarining ta’kidlashicha, hatto bir necha bor Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi vakillari kelib, muammoni ko‘rib, tez fursatda bartaraf etishni va’da qilib ketishgan ekan. Biz ham vaziyatga izoh so‘rash maqsadida Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbariga bog‘lanishga harakat qilib ko‘rdik. Ammo foydasi bo‘lmadi. So‘roqlarimiz javobsiz qoldi.
Tabiat hodisalari har xil. Ba’zan kuchli shamol esyapti, ba’zan kuchli yomg‘ir yog‘yapti. Istalgan paytda yuqori kuchlanishli simlar bir-biriga tegib ketishi mumkin va kattagina avariya holati yuzaga kelishi aniq. Menimcha Qarshi shahar elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati, aynan mana shunday avariya yuz berishini va qandaydir qurbonliklar bo‘lishini kutmoqda. Yo‘qsa, ikki yildan buyon ular uchun oddiygina, ammo xalq uchun anchagina xavfli bo‘lgan muammoni javobsiz qoldirarmidi. Tag‘in yana kim bilsin.
O‘lmas Barotov, O‘zA.