Qashqadaryodagi nomsiz cho‘qqi muzqoya deb ataldi
Hukumat qaroriga asosan viloyatda shu kabi jami 11 ta tog‘, cho‘qqi, dara, dovon va g‘or nomi tasdiqlandi.
Hisor tog‘ tizmasining shimoliy-sharqida, O‘zbekiston va Tojikiston chegarasida joylashgan muzliklar bilan qoplangan, dengiz sathidan 4360 metr balandlikdagi ulug‘vor cho‘qqi uzoq yillardan buyon xaritalarda “Nomsiz” degan qayd bilan turardi. Bu holat turli yo‘nalishlarda noqulayliklarni keltirib chiqarishi tabiiy edi, albatta.
Masalan, tog‘-kon sanoati, turizm, ekologiya va tabiatni muhofaza qilish singari sohalarda tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, g‘orlar, dovonlar singari tabiiy ob’ektlarning nomlari juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda yuqorida qayd etilgan nomsiz cho‘qqiga rasman “Muzqoya” nomi berildi va tegishli peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlari o‘rnatildi.
– Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-iyuldagi “Mamlakatimizdagi ayrim tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlarning nomlarini davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirish hamda ularga yangi nom berish to‘g‘risida”gi 376-son qarori asosida viloyatimizdagi jami 11 ta yuqoridagi turdagi tabiiy geografik ob’ekt nomi davlat tili qoida va me’yorlariga moslashtirildi va yangi nom berildi, – deydi Qashqadaryo viloyati hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Nuriddin Egamov. – Xususan, Bursbutto tog‘i – Archalitog‘, Dan-Danchikan tog‘i – Kattadovon, Samolyot tushdi tog‘i – Maydontog‘, Qal’ai Sheron darasi – Sherqal’a deb nomlangan bo‘lsa, Olmalitog‘, Quralay, Xo‘jag‘ulota, Xo‘janovshavar tog‘lari, Qirqqiz dovoni va Amir Temur g‘ori nomlari davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiqlashtirildi.
Endilikda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi. Tegishli hujjatlar, xaritalar, ma’lumotlar bazalariga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Tog‘ tizmalari, tog‘lar, cho‘qqilar, daralar, dovonlar va g‘orlarga o‘rnatilgan peshlavhalar hamda axborot ko‘rsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va me’yorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanmoqda.
Bu singari jarayonlar ortida Vazirlar Mahkamasining davlat tilini rivojlantirish departamenti, turli darajadagi rahbarlar va hokimlarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchilari, ekologiya, kartografiya, kadastr singari bir qator sohalar mas’ullari, qo‘riqxona xodimlari. toponimshunos olimlarning izlanishlari va mehnatlari mujassam.
Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi “Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi doirasida tabiiy ob’ektlar bilan bir qatorda aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob’ektlari nomlari bo‘yicha ishlash soha mas’ullari bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda. Shu bilan bir qatorda tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan nomlarni tiklashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Toponimshunos olimlar sa’y-harakati bilan 2025-yilda viloyatda “Qashqadaryo viloyatida joy nomlarining izohli lug‘ati” nashr etildi.
Qashqadaryolik taniqli toponimshunos To‘ra Nafasov qayd etganidek: “Nom – tarix, madaniyat va til yodgorligi. Nom – nomus, nom – vijdon, nom – sha’n, nom – ko‘zgu, nom – tafakkur, nom – shuur, nom – ma’naviyat, nom – davr, nom – xalq, nom – Vatan”. Shu bois geografik ob’ektlarni nomlash masalasi doimo dolzarb ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Baratov, O‘zA muxbiri