Qashqadaryoda zamonaviy Suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi
Mamlakatimizda keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahnamoligida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sport tizimida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Ayniqsa, aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng qaror toptirish, yoshlarni sportga jalb etish hamda xalqaro maydonlarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qiladigan sportchilarni tarbiyalash borasida salmoqli ishlar qilinmoqda.
Mana shunday ezgu sa’y-harakatlarning amaliy natijasi sifatida Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan barpo etilgan zamonaviy Suv sporti saroyi foydalanishga topshirildi.
Jahon standartlari talablariga to‘la javob beradigan mazkur muhtasham inshootning tantanali ochilish marosimi yuqori saviyada tashkil etildi. Unda Xalqaro mehnat tashkilotining mehnatkashlar faoliyati bo‘yicha Byurosi (ACTRAV) Yevropa va Markaziy Osiyo sektori mudiri Sergius Glovatskas, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar, World Aquaticsning xalqaro toifadagi hakami Natalya Lerman, suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori Svetlana Babanina, “Suv parisi – 2026” xalqaro turniri ishtirokchilari hamda yurtimiz jamoatchiligi vakillari ishtirok etdi.
Mehmonlar Qarshi suv sporti saroyida karnay-surnay sadolari, milliy folklor jamoalari chiqishlari bilan samimiy kutib olindi.
Tantanali marosimda so‘zga chiqqan Qudratilla Rafikov, bundan ikki yil muqaddam Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi suv sporti saroyi bilan tanishish asnosida bunday zamonaviy inshootlar nafaqat Toshkent shahrida, balki barcha hududlarda, xususan, Qashqadaryoda ham bo‘lishi zarurligini ta’kidlaganini qayd etdi.
– Ushbu inshootning barpo etilishi inson qadrini ulug‘lash, aholi manfaatlarini ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining yana bir amaliy ifodasidir, – dedi Qudratilla Rafikov.
Qarshi shahridagi mazkur Suv sporti saroyi 2 gektar maydonda qad rostlagan bo‘lib, barcha turdagi suv sporti musobaqalarini o‘tkazish imkoniyatiga ega. Majmua tarkibida 50×21 metr o‘lchamli suzish havzasi, 16×16 metr o‘lchamli va 10 metr balandlikdan suvga sakrash uchun mo‘ljallangan havza, quruq basseyn, shuningdek, 6×12 metr o‘lchamli ikkita bolalar hovuzi mavjud.
Balandlikdan sakrash havzasida 1, 3, 5, 7,5 va 10 metrli besh bosqichli minora hamda 7 ta zamonaviy tramplin o‘rnatilgan.
Bundan tashqari, inshootda yopiq suzish havzasi, ma’muriy xonalar, media zona, fitnes va yig‘ilish zallari, 700 o‘rinli tomoshabinlar tribunasi, keng xoll, dush va kiyim almashtirish xonalari, dam olish hududlari tashkil etilgan.
Majmuaning muhandislik tizimlari ham zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan. Xususan, suvni tozalash filtrlari, nasos agregatlari, isitish aylanmalari va ventilyatsiya uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, ventilyatsiya tizimi soatiga 90 ming metr kub toza havo yetkazib berish quvvatiga ega.
E’tiborlisi, barcha jihoz va uskunalar Xitoy, Italiya, Ispaniya, Germaniya va AQSHning yetakchi kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, energiya samaradorligi va yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi.
– Ushbu maskanda uzoq masofaga suzish, suv polosi va balandlikdan sakrash kabi sport turlari bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Suv sport saroyi direktori Isoq Panjiyev. – Eng muhimi, bu yerda yoshlar sport sir-sinoatlarini chuqur o‘zlashtirib, kelgusida Yangi O‘zbekiston bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘tarishlari uchun mustahkam zamin yaratiladi.
Tantanali ochilish marosimidan so‘ng sinxron suzish bo‘yicha “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri g‘oliblarining chiqishlari namoyish etildi.
[gallery-29049]
Shuningdek, 25-27-aprel kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda g‘olib va sovrindorlarga munosib mukofotlar topshirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, kelgusida mazkur suv sporti majmuasida Respublika, Osiyo va xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Shubhasiz, Qarshi shahrida qad rostlagan mazkur zamonaviy Suv sporti saroyi nafaqat viloyat, balki mamlakatimiz sport hayotidagi muhim voqealardan biri sifatida tarixda qoladi.
Ma’lumot o‘rnida, bugungi kunda viloyatda 13 ta yopiq suv havzasi faoliyat yuritmoqda va uch ming nafardan ziyod havaskor sportchilar suzish sporti bilan shug‘ullanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari