Qashqadaryoda xususiy maktab ilk bor xalqaro maqomga ega bo‘ldi
Qashqadaryoda ta’lim sohasida yana bir muhim yutuq qo‘lga kiritildi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan “Iqtidor xalqaro maktabi” nufuzli CIS Member School sertifikatiga sazovor bo‘ldi.
E’tiborli jihati shundaki, mazkur ta’lim muassasasi O‘zbekistondagi xususiy maktablar orasida ushbu xalqaro maqomni qo‘lga kiritgan ilk maktab sifatida e’tirof etilmoqda. Bu esa viloyat ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.
Mazkur sertifikat ta’lim muassasasining xalqaro standartlarga mosligi, o‘quv jarayoni samaradorligi, boshqaruv tizimi va ta’lim sifati yuqori darajada yo‘lga qo‘yilganini tasdiqlaydi. Shu kunga qadar bunday maqom mamlakatimizda asosan Prezident maktablariga berib kelingani mazkur yutuqning ahamiyatini yanada oshiradi.

Bugungi kunda Qarshi shahrida CIS Member School maqomiga ega ta’lim muassasalari soni ikkitaga yetdi. Ulardan biri Prezident maktabi bo‘lsa, ikkinchisi “Iqtidor xalqaro maktabi”dir. Bu holat hududda xalqaro standartlar asosida ta’lim berish imkoniyatlari kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Mutaxassislar fikricha, bunday yutuqlar zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish natijasidir. Eng muhimi, bu kabi xalqaro e’tiroflar yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan ta’lim sifatini oshirish, zamonaviy standartlarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri