Qashqadaryoda tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi
13-oktabr – Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni munosabati bilan Qashqadaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Hayot faoliyati xavfsizligi o‘quv markazida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Unda ishtirokchilarga xalqaro sananing mazmun-mohiyati, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ulardan muhofazalanish hamda bunday holatlarda to‘g‘ri harakatlanish qoidalari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar, mavjud o‘quv bazasi va amaliy mashg‘ulotlar uchun mo‘ljallangan imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Tadbirning e’tiborga molik jihati shundaki, ishtirokchilar maxsus virtual reallik ko‘zoynaklari yordamida favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq jarayonlarni virtual muhitda kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Bu esa xavfsizlik qoidalarini interaktiv tarzda o‘rganish, turli xavfli holatlarda to‘g‘ri harakatlanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Bunday tadbirlar aholining favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini oshirish, xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda tabiiy ofatlar oqibatlarini kamaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri