Qashqadaryoda o‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
"Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!" shiori ostidagi asosiy tantanalar Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida tashkil etildi.
Tadbir viloyat hokimligi, Qarshi davlat universiteti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, viloyat madaniyat boshqarmasi hamda Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi hamkorligida o‘tkazildi.
Unda tilshunos va adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, ziyolilar, o‘qituvchilar, ona tilimiz fidoyilari, xorijlik mehmonlar, talabalar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbiri O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bilan boshlandi. Viloyat hokimi Murotjon Azimovning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi.
[gallery-32078]
Davlat tili rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan olimlar, adiblar, o‘qituvchilar, madaniyat xodimlari, yoshlar va boshqa fidoyilar viloyat hokimligining faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbirning ilmiy-ma’rifiy qismida Qarshi davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Odiljon Avaznazarovning “Til, adabiyot va davlatchilik: turkiy ma’naviyatning tarixiy ildizlari” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Sahna ko‘rinishlari, badiiy kompozitsiyalar, viktorina va mumtoz qo‘shiqlar bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari