Qashqadaryoda mansab vakolatini suiiste’mol qilgan bozor rahbari qo‘lga olindi
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bozor rahbarining noqonuniy harakati fosh etildi.
Xususan, Dehqonobod tumanida faoliyat yurituvchi bozorlardan birining rahbari o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga bozor hududida joylashgan, lekin tegishli hujjatlari bo‘lmagan savdo do‘konini sotishini, keyinchalik esa uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytib, “xizmati” evaziga 80 mln so‘m talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mazkur mansabdor shaxs tadbirkordan 6600 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.