Qashqadaryo yoshlari: bilim, iqtidor va katta imkoniyatlar sari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvida yoshlar ta’limi, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va zamonaviy kasblarga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi. Bu bejiz emas. Chunki hududning ertangi taraqqiyoti, yangi ish o‘rinlari va aholi farovonligi, avvalo, bilimli va malakali yoshlarga bog‘liq.
Qashqadaryoning boyligi faqat tabiiy resurslari va iqtisodiy imkoniyatlari bilan belgilanmaydi. Uning eng katta boyligi bilim olishga intiluvchi, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan yoshlaridir. Bugun ularga sifatli ta’lim berish ertangi kunga sarmoya kiritish demakdir. Zero, bilimli yosh yangi texnologiyalarni yaratishi, zamonaviy korxonalarda ishlashi, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishi yoki ilm-fanda katta natijalarga erishishi mumkin.

Viloyat yoshlarining yutuqlari buning yaqqol dalilidir. Qarshi shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilarining Cambridge imtihonlarida 98 foiz natija ko‘rsatgani, Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining “Zakovat” intellektual turnirida g‘olib bo‘lgani yoshlarimiz salohiyatini namoyon etmoqda. Kosonlik o‘quvchi Murodjon Halimovning SAT imtihonida eng yuqori – 1600 ball to‘plagani ham e’tiborga loyiq. Bu kabi natijalar Qashqadaryo yoshlari dunyoning nufuzli universitetlarida o‘qish va xalqaro maydonda o‘z bilimini namoyon etish imkoniyatiga ega ekanini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, bunday imkoniyatlar ayrim maktablar yoki iqtidorli o‘quvchilar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Har bir tuman va mahallada qobiliyatli bolalar bor. Ularni o‘z vaqtida aniqlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlanishi uchun sharoit yaratish zarur. Ayniqsa, olis qishloqlardagi va moddiy imkoniyatlari cheklangan oilalardagi iqtidorli yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish muhim. Bunda yoshning qayerda yashashi emas, balki bilimi, intilishi va salohiyati hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi lozim.
Bugungi mehnat bozori yoshlardan nafaqat diplom, balki amaliy bilim va zamonaviy ko‘nikmalarni ham talab qilmoqda. Xorijiy tillarni bilish, raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirish va mustaqil fikrlash ularning imkoniyatlarini kengaytiradi. Qashqadaryoda gaz-kimyo sanoati, energetika va qishloq xo‘jaligi rivojlanayotgani malakali muhandislar, texnologlar, dasturchilar, agronomlar va boshqa mutaxassislarga ehtiyojni oshirmoqda. Demak, ta’limni iqtisodiyot talablari bilan uyg‘unlashtirish ham muhim vazifadir.
Shu nuqtai nazardan, Qarshi shahridagi Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi tajribasi e’tiborga molik. Germaniyada malaka oshirgan 32 nafar ustaning viloyatdagi 57 ta texnikum pedagoglariga o‘z tajribasini yetkazayotgani kasbiy ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Har yili 10-11 sinflarning 2,5 ming nafar o‘quvchisiga kasb o‘rgatilishi, Germaniyalik o‘qituvchilarning 1,5 ming nafar yoshga nemis tili va kasbiy ko‘nikmalarni o‘rgatishi ham istiqbolli tashabbusdir.
Yoshlarning xalqaro yutuqlarga erishishi uchun iqtidorning o‘zi yetarli emas. Malakali ustozlar, zamonaviy o‘quv jihozlari, fan to‘garaklari va xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik imkoniyatlari ham zarur. Maktablarda matematika, fizika, kimyo, informatika va xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish, olimpiada va xalqaro imtihonlarga tayyorlash tizimini kengaytirish, grantlar hamda xorijiy universitetlarga kirish bo‘yicha maslahat xizmatlarini rivojlantirish lozim. Bu jarayonda maktablar, oliy ta’lim muassasalari, tadbirkorlar va jamoat tashkilotlari hamkorligi muhim o‘rin tutadi.
Yoshlarimizning xorijda tahsil olishi, xalqaro ilmiy loyihalarda qatnashishi va ilg‘or tajriba orttirishi muhim. Ammo dunyoga chiqish faqat chet elda o‘qish bilan cheklanmaydi. Bu yangi bilimlarni egallash va ularni amaliyotda qo‘llay olishdir. Xorijda tahsil olgan yoshlar Qashqadaryoga zamonaviy texnologiyalar va yangi g‘oyalarni olib kirib, sanoat samaradorligini oshirish, qishloq xo‘jaligida suvni tejash, tadbirkorlikni rivojlantirish va ta’lim sifatini yaxshilashga hissa qo‘shishi mumkin. Shuning uchun yoshlarning xorijda bilim olishi bilan birga, o‘z yurtida munosib ish topishi va salohiyatini namoyon etishi uchun ham sharoit yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Qashqadaryoning kelajagi bugun maktabda ta’lim olayotgan, kasb o‘rganayotgan va katta maqsadlar sari intilayotgan yoshlar qo‘lida. Bizning vazifamiz ularning qobiliyatini rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va erishgan yutuqlarini ommalashtirishdir. Bu ish har bir tuman, mahalla va maktabda izchil davom etishi kerak.
Zero, bugun xalqaro imtihonda yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchi ertaga yetuk mutaxassis, olim yoki tadbirkor bo‘lib yetishishi mumkin. Uning yutug‘i nafaqat o‘zi va oilasi, balki butun viloyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.
Davron Kesimov,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.
O‘zA