Qashqadaryo viloyati hokimi va’dasini bajardi
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va tuman bo‘limlari rahbarlariga xizmat avtomashinalari berildi.
Joriy yilning 27 oktyabr kuni viloyat hokimligi majlislar zalida Prezidentimizning "Mamlakatimiz ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev xalq ta’limi mudirlariga xizmat avtomashinalari ajratishni va’da qilgan edi.
Bugun viloyat musiqali drama teatri oldida tashkil etilgan tantanali marosimda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘iga "Jentra", tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limi mudirlariga "Neksiya-3" xizmat mashinalari kalitlari topshirildi.
– Hukumatimizni biz ta’lim tizimi xodimlariga qaratgan bu e’tibori, zimmamizga yanada kuchliroq mas’uliyat yuklaydi, – deydi Muborak tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Farid Bozorov. – Tumanga yaqindagina rahbar bo‘lib tayinlandim va hech qancha vaqt o‘tmay bugun xizmat mashinalarining berilishi yana bir yutuq bo‘ldi.
Tumanda dastlabki ishni bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini ko‘tarishdan boshlamoqchiman. Boisi tumanda bu boradagi ko‘rsatkichlar juda past. Bundan tashqari, maktablarda oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ham yuqori. Shuning uchun qo‘shni tumanlardan bo‘lsada, malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash evaziga ta’lim sifatini oshirishni mo‘ljallayapmiz.