Qarshida Oʻzbekiston chempionlari aniqlanadi
Kecha Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida kurash boʻyicha 1999-2001 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati bahslariga start berildi.
Kecha Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrida kurash boʻyicha 1999-2001 yillarda tugʻilgan oʻsmirlar va qizlar oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati bahslariga start berildi.
Qarshi shahridagi “Geolog” sport-sogʻlomlashtirish majmuasida oʻtkazilayotgan mazkur musobaqada mamlakatimizning barcha hududlaridan 600 nafar sportchi gʻoliblik uchun gilamga tushishgan. Shundan 200 nafarini qizlar tashkil etadi.

Mazkur chempionat bahslarini odil va shaffof oʻtishini taʼminlash maqsadida hakamlik masalasiga xam alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, Oʻzbekiston kurash federatsiyasining tashabbusi bilan hakamlar uchun ikki kunlik seminar tashkil etilib, musobaqada ishlaydigan hakamlarning malakasi yana bir bor koʻrikdan oʻtkazildi.
Hakamlar oʻquv-seminariga har bir viloyatdan ikki nafardan referi jalb etildi. Ushbu oʻquv-seminarni tashkil etishdan koʻzlangan maqsad – Oʻzbekiston chempionati bahslarida toʻgʻri qaror qabul qilish, nizolarga yoʻl qoʻymaslik va eng muhimi, tomoshabinlarga manzur boʻladigan halol kurash bellashuvlarini tashkil etib berishdan iborat.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Oʻzbekiston kurash federatsiyasi hamda Qashqadaryo viloyati hokimligi ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishgan.
Taʼkidlash joiz, ertaga yakuniga yetadigan ushbu musobaqa mamlakat oʻsmirlar va yoshlar terma jamoalariga munosib nomzodlarni saralab olish imkonini beradi.