Qarorlar qabul qilishda yoshlarning o‘z so‘zi bo‘lishi zarur
Samarqand shahrida Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi davom etmoqda.
“Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusida o‘tkazilayotgan xalqaro anjuman ochilishida mamlakatimiz parlamenti rahbarlari, shuningdek, Parlamentlararo ittifoq prezidenti Tuliya Ekson xonim, ittifoq bosh kotibi Anda Filip xonim, BMT bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi yordamchisi Xulio Felippe Pauler, Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolari byurosi vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqand mezbonligida o‘tkazilayotgan konferensiyaning ahamiyati, unda muhokama qilinadigan masalalarga e’tibor qaratdilar.
Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson xonim bugungi kunda yoshlarning ovozi xalqaro miqyosda muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarida tobora katta ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, turli mamlakatlardan kelgan yosh parlament a’zolarining o‘zaro muloqoti, tajriba almashinuvi va hamkorligi bugungi global muammolarni hal qilishga yangi yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
– Ikkinchi jahon urushidan keyin ham dunyoda ko‘plab muammolar, nizoli vaziyatlar davom etmoqda va bu inson huquqlarini himoya qilishda qiyinchiliklarni tug‘dirmoqda, – dedi Tuliya Ekson xonim. – Vaholanki, Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha deklaratsiya qabul qilinganiga sakson yildan oshdi. Ammo unda belgilangan qoidalarni amalga oshirish, huquqlarni kafolatlashda, afsuski, keyingi yillarda orqaga ketish kuzatilmoqda. Qachonlardir paydo bo‘lgan “kuchli inson haq bo‘ladi”, degan tushuncha noto‘g‘ri ekanligini bugun butun dunyo ko‘rib turibdi. Lekin bunday qarashni o‘zgartirishga jur’at qilolmayapmiz. Ana shunday sharoitda mamlakatlardagi parlamentlar, xalq ishonch bildirgan parlamentariylar o‘z so‘zini aytishi, inson huquqlarini himoya qilishda qat’iy turishi lozim. Parlamentlararo ittifoq bu borada o‘z imkoniyatlari doirasida ish borib bormoqda, mamlakatlar parlamentlarini qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu jihatdan, Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi uchun “Murakkab davrda inson huquqlari, adolat va inson qadr-qimmatini tiklash yo‘lida” mavzusi tanlanishi bejiz emas. Biz inson huquqlarini himoya qilishda yosh parlamentariylardan faollik, tashabbuskorlik kutamiz.
Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Anda Filip xonim o‘z so‘zida dunyo davlatlari parlamentlarida qarorlar qabul qilishda yoshlarning kuchigaga tayanish, ularning salohiyatiga ishonish zarurligini alohida qayd etdi.
– Hayotimizga ta’sir ko‘rsatadigan qarorlar qabul qilishda yosh parlamentariylar biz bilan birga bo‘lishi, bu jarayonlarda faol ishtirok etishi kerak, – dedi Anda Filip xonim. – Chunki, qarorlar bugun va kelajak uchun qabul qilinadi. Kelajak esa yoshlarniki, ertaga bugun biz qabul qilayotgan qarorlardan aziyat chekmasligi, huquqlari cheklanmasligi uchun ham ularni eshitish, fikrlarini inobatga olishimiz zarur. Biz uch kun davomida Samarqandda inson huquqlarini himoya qilish, adolat, siyosat haqida gaplashamiz. Bu yerga dunyoning barcha mintaqalaridan yosh parlamentariylar, faol yoshlar to‘plangan. Nafaqat ushbu konferensiyada muhokama etiladigan masalalarda, balki Parlamentlararo ittifoqning kelajagi uchun ham ular bildiradigan fikrlar, ilgari suradigan tashabbuslar juda muhim.
[photobank-31250]
Urugvay parlamenti a’zosi, Parlamentlararo ittifoq Yosh parlament a’zolari byurosi vakili Juliyetta Siyerra anjuman ishtirokchilari e’tiborini dunyoning turli nuqtalarida sodir bo‘layotgan urushlar, iqlim o‘zgarishlari, internet xavflarida bolalar va yoshlar huquqlarining buzilayotganiga qaratdi.
– Bugun dunyodagi har olti nafar bolaning biri urushlar ichida yashamoqda, – dedi Juliyetta Siyerra. – Ular erkin va farovon yashash, ta’lim olish huquqlari buzilgani holda na bugungi kuni, na kelajagi haqida o‘ylay oladi. Hayotimizga jadal kirib kelgan internet ham bizning imkoniyatlarimizni kengaytirdi, lekin u orqali erkinligimizga, shaxsiy hayotimizga xavflar yuzaga kelmoqda. Uning salbiy ta’siri har bir yosh hayotida kuzatilmoqda. Hozir internet orqali haqiqiy, to‘g‘ri axborot olishdan ko‘ra, yolg‘on axborot ko‘p tarqalmoqda. Yoki iqlim o‘zgarishlarini olaylik, keyingi o‘n yillikda tug‘ilgan bolalar boshqa davrda tug‘ilganlarga nisbatan 7-marta ko‘proq global isish xavfiga duch keldi. Ishsizlikdan ham yoshlar ko‘p aziyat chekmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir dunyoda har to‘rt nafar yoshdan biri o‘ziga munosib ish topishga qiynaladi va natijada ertaga farovon yashashiga ishonmaydi. Mana shunday sharoitda yosh parlament a’zolari, bugun siyosatga kirib kelayotgan yoshlar o‘z tengdoshlari va kelajak avlod uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, muhim qarorlar qabul qilishda ishtirok etishimiz, parlament va hukumatga o‘z so‘zimizni ayta olishimiz lozim.
BMT bosh kotibining yoshlar masalalari bo‘yicha birinchi yordamchisi Xulio Felippe Pauler bugun dunyoning barcha mamlakatlari parlament va hukumatlari inson huquqlarini himoya qilishda, avvalo, yoshlarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga e’tibor qaratishi zarurligini ta’kidladi. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt jadal rivojlanib borayotgan sharoitda bu vositalarning yoshlar hayotiga salbiy ta’siri oldini olish eng muhim vazifa bo‘lishi kerakligini qayd etdi.
Konferensiyada dunyoning 58 mamlakatidan kelgan yosh parlament a’zolari, o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari inson huquqlari va yoshlarning siyosiy ishtiroki, ijtimoiy adolat, raqamli xavfsizlik, ta’lim va munosib mehnat, yosh ayollarning siyosiy faolligi, shuningdek, parlamentlarning global muammolarni hal etishdagi roli kabi masalalarni muhokama qilmoqda.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari