Qaror va ijro: Bir mahalla – bir mahsulot
Tumandagi “Mingtepa” MFY aholisi esa qadimdan uzumzorlari bilan mashhur.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri N.Ismoilov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi raisi A.Xaitov va bir guruh soha mutasaddilari Toshkent viloyati Piskent tumanida boʻlib, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari faoliyati, shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar va aholi tomorqa yerlaridan foydalanish holatini oʻrgandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi “Dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, ekin ekish ishlarini tizimli tashkil etish hamda mahsulot yetishtirish hajmlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi va “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili boʻyicha tumanda tizimli ishlar qilinmoqda.
Xususan, Piskent tumanining “Navoiy” MFYda 829 xonadon boʻlib, koʻp qavatli uylarda yashovchilardan tashqari qariyb 500 oila shaxsiy tomorqasidan unumli foydalanib keladi. Ayniqsa, issiqxonada bulgʻor qalampiri yetishtirish ancha rivojlangan. Birgina Choʻlpon koʻchasidagi 90 dan ortiq xonadon egasi issiqxonada sabzavot yetishtirishning samarali usulini yoʻlga qoʻygan. Deyarli har bir hovlida 2 tadan 8-10 tagacha qoʻlbola issiqxonalarni uchratish mumkin.
– Karantin davrida odatdagi sabzavotlarni yetishtirish ishlari bilan band boʻlganimiz uchun cheklovlar bizga bilinmadi, – deydi mahallada yashovchi Mastura Rahmonova. – Oilamizning barcha aʼzolari tomorqa yumushlari bilan band. Issiqxonadan bir yilda 3-4-marta hosil olamiz. Hozir bulgʻor qalampirini parvarishlayapmiz. Undan soʻng bodring, toʻqsonbostiga sarimsoq va rediska ekamiz. Har bir sabzavotni yetishtirishda bozor talabini hisobga olamiz.
Ayni paytda bu kabi koʻplab mahallalarda tomorqa egalari biri ikkinchisidan oʻrganib, tajriba toʻplagan. Raqobat va farovon hayotga intilish bilan bir qarich yer ham boʻsh qoldirilmagan. 5-6 sotix tomorqadagi issiqxonalarda hozir bulgʻor qalampiri, keyin bodring yo pomidor, qishki toʻqsonbosti ekinlari rejali ekiladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi aʼzolari xonadon sohiblari bilan suhbatda ularning tajribasi bilan yaqindan tanishdi. Tomorqadan samarali foydalangan holatda soliq imtiyozlari qoʻllanilishi, kreditlar ajratish boʻyicha yoʻl-yoʻriq va zarur maslahatlar berildi. Kredit olish evaziga issiqxonasini tomchilatib sugʻorish tizimiga oʻtkazish niyatida boʻlganlarga qisqa muddatda imtiyozli kredit olishida koʻmaklashish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga topshiriq berildi. Dehqonchilik ilmi boʻyicha kitoblar taqdim etildi.
Tumandagi “Mingtepa” MFY aholisi esa qadimdan uzumzorlari bilan mashhur. Mahalla raisi Abdurashid Abdugʻaniyevning aytishicha, hududdagi 575 xonadonning 95 foizida 60 gektardan ziyod uzumzorlar mavjud. Mahalladagi 10 dehqon xoʻjaligi ham uzumchilikka ixtisoslashgan. Hudud tepalik va lalmi yerlardan iborat boʻlsa-da, mingtepaliklar tok parvarishi boʻyicha mutaxassisga aylangan. Chunki bogʻbonlik ularga otameros kasb.
Hududdagi “Abbosxonov Abdusamadxon” dehqon xoʻjaligi uzumzorida ayni vaqtda ertaki “Namangan chillaki”, “Husayni”, “Charos” navli uzumlar gullab turibdi. Xoʻjalik rahbari Akmalxon Ahrorovning aytishicha, tokzordan birinchi hosilni terib sotmoqda. Yaʼni, tok bargi bahorda vitaminga boy va parhez taomlar tayyorlashda juda xaridorgir. Mahalla ayollari kuniga 200 ming soʻmgacha bargdan daromad topmoqda. Uzum va tok ostida baravj oʻsgan shirin joʻxorini hisobga olganda, xoʻjalikda yerdan 3-marta hosil olinadi.
Navbatdagi manzil “Novkent” mahallasidagi shaxsiy yordamchi xoʻjaliklari boʻldi. Bu yerdagi qarovsiz maydonlar tegishli qaror bilan fuqarolarga foydalanish uchun berilgan edi. Mahallada yashovchi Xudoyberdi Poʻlatov 4 sotix maydonga qulupnay, pomidor, bulgʻor qalampiri va koʻkatlar ekkan. Maydon atrofiga mevali daraxtlar oʻtqazilgan, ihota oʻrnida malina butalari. Yashil devorda rezavor mevalar pishay deb qolgan.
Parlament aʼzolari kichik maydonlardan samarali foydalanib, ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni yetishtirayotgan odamlar bilan dildan suhbatlashdi. Asalari boqib, bol yetishtirish istagida boʻlgan X.Poʻlatovga ikki kun muddat ichida imtiyozli kredit olishiga yordam koʻrsatish boʻyicha mutasaddilarga tegishli koʻrsatma berildi.