Qaror mazmun mohiyatiga bag‘ishlandi
Prezidentimizning joriy yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorining mazmun-mohiyatini tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish maqsadida Jizzax viloyatining barcha shahar va tumanlarida o‘quv-seminarlar tashkil etilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Jizzax viloyat sho‘’basi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi hamda Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan Arnasoy, Mirzacho‘l va Paxtakor tumanlarida navbatdagi o‘quv-seminarlar tashkil etildi. Hududlarda o‘tgan tadbirlarda tuman hokimining mutasaddi o‘rinbosarlari, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi rahbarlari, mahalladagi hokim yordamchilari hamda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar ishtirok etmoqda.


Arnasoy tumani hokimligida tashkil etilgan tadbirda ishtirokchilar respublika “Agrobank”idan biriktirilgan vakil Z.Ergashev, viloyat Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarma bo‘lim boshlig‘i Sh.Sulaymonov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi biznes ombudsman vakili devoni xodimi T.Qurbonov, Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarma bo‘lim boshlig‘i G‘.Abdusalomov tomonidan davlatimiz rahbarining 2023 yil 15 noyabrdagi qarori mazmun va mohiyatiga qaratilgan ma’ruzalarini katta qiziqish bilan tingladi.


– Prezidentimizning ushbu qarori asosida aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish maqsadida bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan, – deydi viloyat Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarma bo‘lim boshlig‘i Sh.Sulaymonov. – Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini o‘qitish orqali ularning biznes tashabbuslarini moliyaviy va konsultativ qo‘llab-quvvatlash tizimini yo‘lga qo‘yish va “oilaviy tadbirkor – mikrobiznes – kichik biznes – o‘rta biznes” zanjiri asosida ularning faoliyatini kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat dasturlari doirasida kichik va o‘rta biznes loyihalarini “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat moliyaviy tizim asosida qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikka o‘qitish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini moliyalashtirish hamda biznes jarayonlarining barcha bosqichlarda doimiy hamkorlik qilishni vakolatli organlar va tijorat banklarining tadbirkorlik yo‘nalishidagi elektron platformalarida amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.
Hududlarda o‘tgan tadbirlarda o‘quv-seminar ishtirokchilarining mavzu yuzasidan bergan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.


A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA.