Qardosh tildagi yangi kitoblar taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mazkur ijodiy tashkilot a’zolari Saparbek Imanbekovning “Dostarimiz jirlaydi” (“Do‘stlarimiz kuylaydi”), Abdulla Rustamovning “Qayran duniye” (“Ajab dunyo”) hamda mahoratli suxandon Raxiya Mansurova tavalludining 80 yilligi munosabati bilan chop etilgan “O‘rleu” (“Ko‘tarilish”) nomli kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining maslahatchisi, atoqli shoir O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Salim Ashur, Respublika qozoq milliy madaniyat marazi raisi Serikboy Usenov va boshqalar mamlakatimizda turli millat va elat vakillarining emin-erkin yashab, ijod qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
[gallery-18274]
– Adabiyot kunlari sifatida nishonlanayotgan iyul oyida qardosh xalqlarning adabiyoti namunalari bo‘lib o‘tayotgani diqqatga sazovor, – dedi Salim Ashur. – Qozoq adabiyoti ko‘lami, mohiyatining chuqurligi bilan ajralib turadi. Bizning adib va shoirlarimiz doimo qalban yaqin bo‘lganlar. Yurtimizda qardosh xalqlar adabiyoti namunalariga oid bunday taqdimotlar doim ko‘tarinki ruh bilan nishonlangan. O‘ylaymanki, o‘quvchilar ushbu yangi kitoblarni mehr va muhabbat bilan mutolaa qiladi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” nomli muhtasham adabiy majmuaning o‘n jildi qozoq adabiyoti namunalariga bag‘ishlangani so‘z san’atimizga bo‘lgan ehtiromdan darak beradi, – dedi Serikboy Usenov. – O‘ylaymanki, bundan keyingi chop etiladigan adabiy majmualarda ham qozoq adib va shoirlari ijodidan namunalar aks ettiriladi. Biz yaqinda Qozog‘istondagi Abay nomidagi milliy pedagogika universitetida Alisher Navoiy markazining ochilish tadbirlarida ishtirok etib keldik. Madaniyatlarimizning o‘zaro boyishida shunday adabiy-ma’rifiy muloqotlarning ahamiyati beqiyos. Taqdimoti o‘tkazilayotgan ushbu kitoblar katta mehnatlar evaziga chop etildi. Ularni O‘zbekistondagi qozoq tilida ta’lim beriluvchi maktablarga, shuningdek, milliy madaniyat markazlariga taqdim etish niyatimiz bor. Bu kitoblar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirishda alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA