Qanday hollarda xodimning ruxsatisiz ish haqidan ushlab qolinadi?
O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida xodimning ish haqidan majburiy ushlab qolish tartibi qat’iy chegaralangan bo‘lib, bu borada ish beruvchining vakolatlari cheklangan. Biroq amaliyotda xodimning roziligisiz ham uning oylik maoshidan mablag‘ undirishga yo‘l qo‘yiladigan qonuniy holatlar mavjud.
Har bir mehnatkash oy oxirida maoshini to‘liq va o‘z vaqtida olishni kutadi. Ammo ba’zan hisob-kitob varaqasidagi summa kutilganidan kamroq bo‘lib chiqishi mumkin. Xo‘sh, ish beruvchi qaysi vaziyatlarda xodimning e’tirozi va yozma ruxsatiga qarab o‘tirmay, uning maoshidan pul ushlab qolishga haqli? Qonunchilik bu borada xodimlarni qanday himoya qiladi va ish beruvchining qaysi harakatlari noqonuniy hisoblanadi?
Toshkent davlat Yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu haqda quyidagicha tushuncha berdi:
– O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra, xodimning roziligisiz (ruxsatisiz) uning ish haqidan ushlab qolishga faqat qonunda belgilangan muayyan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
Unga ko‘ra, quyidagi hollarda xodimning yozma roziligi talab etilmaydi.
Jumladan, soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun, sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa hamda xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa xodimning roziligi talab etilmaydi. O‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun xodimning roziligisiz pul ushlab qolinadi.
Xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolinadigan mablag‘larning umumiy miqdori xodimga tegishli bo‘lgan ish haqining 50 foizidan ortib ketmasligi kerak (aliment undirish holatlari bundan mustasno bo‘lishi mumkin).
Gulnoza Boboyeva,O‘zA