Qancha fermer gʻalla majburiyatini uddaladi?
Yurtimizda gʻalla oʻrim-yigʻimi qizgʻin davom etmoqda. Ekinning pishib yetilishiga qarab, gʻallazorlarga birin-ketin kombaynlar tushirilmoqda.
Yurtimizda gʻalla oʻrim-yigʻimi qizgʻin davom etmoqda. Ekinning pishib yetilishiga qarab, gʻallazorlarga birin-ketin kombaynlar tushirilmoqda.
Astoydil ishlagan, oʻz vaqtida va unumli mehnat qilgan fermer xoʻjaliklari shartnoma rejasini uddalab, keyingi moʻljallarni maqsad qilishyapti.
Qayd etish kerakki, ayni gʻalla boshoq tortib turganda ijtimoiy tarmoqlarda chigirtka xavfi haqida shov-shuvlar paydo boʻldi. Olib borilgan tadqiqotlar tufayli yurtimizga kirib kelayotgan Marokash chigirtkasiga qarshi ishonchli tizim yaratilgani va bunda byudjet mablagʻlari asosida tashkil etilgan otryadning oʻrni muhimligi maʼlum boʻldi. Shu tariqa oʻz muddatida qarshi kurash choralari koʻrilib, chigirtka muammosi bartaraf etildi.
– Bu kabi tabiiy ofatlar va kasalliklarga qarshi kurashga gʻallakorlarimiz doim tayyor turishadi, – deydi Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Shomirza Safarov. - Har yil ham mirishkor dehqonlarimiz oldida muhim sinovlar boʻladi. Bahordagi kuchli shamollar, yomgʻir va qor tufayli gʻallaning bir qismi zang kasalligiga va poyalar yotib qolishiga ham olib keldi.
Qisqasini aytganda, oʻtgan yili boshoqli ekinlar ekilgan bir million gektardan koʻproq sugʻoriladigan maydonlarda bu yil har galgidan ham moʻl hosil yaratilmoqda. Xususan, gʻalla oʻrim- yigʻimiga barvaqt kirishgan Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari marraga yaqin kelib qoldi. Dalalarda kombaynlar toʻxtovsiz ishlamoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bugunga qadar gʻallachilik bilan shugʻullanayotgan 161 tumanning 90 tasi gʻallachilikka ixtisoslashgan, 37 mingdan ziyod fermer xoʻjaligining salkam 23 mingtasi davlatga gʻalla topshirish majburiyatini ado etdi. Ular orasida gektariga 70-80 sentner hosildorlikka erishganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻrtacha hosildorlik esa 60 sentnerdan yuqori boʻlmoqda.